Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xitoy adabiyoti haqida o‘ylar
11:47 / 2024-01-22

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga safari oldidan

Dunyodagi aholisi ko‘p va rivojlangan davlatlardan biri Xitoy haqida so‘z ketganda uning necha ming yillik tarixga ega adabiyoti, betakror san’ati, maftunkor madaniyati va boy ma’naviy hayoti ko‘z o‘ngingizda yaqqol gavdalanadi.

Ayniqsa, klassik nasri va she’riyati, bugungi Xitoy adabiyoti har jihatdan havas qilsa arzigulik, maqtovga molikdir.

Mabodo qayiqdan tashlab qolsang ko‘z

Tulporlar shaklida go‘yoki tog‘lar.

 Ajib bir uyurdek cho‘zilib ketgan,

 Yuz yilqi – yelayotgan yuz cho‘qqi kabi.

Taniqli Xitoy shoiri Su Shining bu olov satrlari tog‘lar haqida, uning go‘zal tabiati xususida tugal tasavvur hosil qilishingizda ko‘makka keladi. Timsollar she’r badiiyligini ta’min etgan. Lirik qahramon o‘ylari tabiiy tasvirlangan. Ritorikadan yiroq satrlar o‘quvchini lol qoldiradi.

Talantli o‘zbek shoirlaridan biri Tursun Ali tarjimasida e’lon qilingan o‘nlab she’rlar uzoq yillik an’analarga boy Xitoy she’riyati haqida fikru tushunchalarimiz kengayishiga yordam beradi.

Elga tanilgan Xitoy shoiri Lu Yuning she’rlari yanada jozibali. Unda muallif iztiroblari, dardu alamlari jonli misralarda  ifodalangan.

   Ichim to‘lib ketdi, xo‘rsinaman, oh,

   Ko‘nglimni shod etmas bu azim dunyo.

   Maqsadsiz kechgan sargardonliklar

    So‘nggida ko‘rinmas birorta murod!

    Zamharir kunlar kelibdi, mana,

   Ko‘rinib qolganday yilning adog‘i.

Bundan tashqari, Xitoy mumtoz she’riyati haqida ham talay fikrlar bildirish mumkin. Bu go‘zal yurt ijodkorlari turli mavzularda asarlar yaratib, she’riyat muxislariga taqdim etishayotir. Xususan, Lyu Chjen, Se An, Gu Kaychji, Se Lin Yun, Bao Chjao yaratgan ajoyib ash’orlar xususida ham iliq fikrlar bildirish mumkin.

Xitoy she’riyatini ko‘p yillardan buyon kuzatib kelyapman. Undagi turli uslublar o‘ziga xosligi jihatidan xarakterlidir. Siz Xitoyda yaratilgan ilk she’riy to‘plamni bilasizmi? ”Shi Szin” (“Qo‘shiqlar kitobi”)dan dunyodagi millionlab adabiyot muxlislari bahra olmoqdalar. Bu asar  jahonga tanilgan donishmanlardan biri Konfutsiy tomonidan tuzilganligini ko‘pchilik bilmasa kerak.

Mumtoz va zamonaviy yetuk tadqiqotchi Ilya Smirnovning ta’kidlashicha, Xitoy she’riyati dunyodagi eng qadimiy she’riyatlardan biridir. Eramizgacha bo‘lgan ikkinchi mingyillikdan buyon yashab kelayotgan bu poeziya XX asr boshlariga qadar tashqi ko‘rinishini deyarli yo‘qotmagan. Demak, bunday she’riyatni teran anglash ham oson kechmaydi. Buning uchun o‘quvchi o‘zini tayyorlashi lozim. Xitoy she’riyatining baxti shundaki, o‘quvchi u bilan uch ming yildan buyon ayrilmay kelayotir. Mumtoz ta’lim barcha an’anaviy madaniyatlarni bilishni talab etadi. Buning ustiga eng muhim matnlarni yoddan o‘qiy bilish shart. Qadimgi Xitoyda she’r yoza bilish davlat miqyosida martabaga erishish uchun majburiy dasturlarga kiritilgan edi.

Atoqli shoirlardan biri Li Boning asarlari kitobxonlarga ko‘p yillardan beri manzur bo‘lib kelyapti. Shoirning quyidagi satrlari har jihatdan maqtovga molikdir.

Tiniq oy shu’lasi chodirga tushar,

Oppoq qirovlarga o‘xshaydi bu zar.

Boshimni ko‘tarib, oyga qarasam,

Yurtim yodga tushar, boshim egilar...

Xitoyda nazm bilan bir qatorda nasr ham shiddat bilan rivojlanib borayotir. Har yili bir qator umidli, talantli yozuvchilarning yangi-yangi asarlari – hikoyalar, qissalar, romanlar dunyoga kelyapti.

Bu haqda so‘z ketganda Nobel mukofoti sohibi Mo Yanning  kitoblari yodga tushadi. U “Musallas o‘lkasi” romani uchun Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan. Yetmish yoshni qoralayotgan mashhur adibning “Qip-qizil tentak” (Qizil Gaolyan), “Sandal daraxti o‘limi”, “Qurbaqalar”, ”Ho‘kizlar”, “Sarimsoq balladasi” singari badiiy jihatdan pishiq kitoblari muxlislar tomonidan iliq kutib olindi. Uning asarlari qahramonlari hayotiyligi jihatidan ajralib turadi. Personajlarning ichki dunyosi psixologik tahlil qilinganligi, dialoglar yordamida obrazlarning individual xarakterlari ochib berilganligi diqqatga sazovor.

Mo Yanning ijod va hayot haqidagi o‘ylari, ayniqsa, xarakterlidir. Uning Nobel ma’ruzasidagi fikrlari hamon ko‘pchilik ziyolilarning ma’naviy olamini boyitishda, adiblarning mahoratini oshirishda muhim ahamiyat kasb etayapti. ”Televideniye yoki internet orqali barcha hozir bo‘lganlar u yoki bu darajada, ehtimol, Xitoyning shimoli-sharqida joylashgan mening olis vatanim Gaomi haqida tasavvur hosil qilgan bo‘lsangiz kerak. Ehtimol, sizlar mening to‘qson yashar otamni, akalarim va opalarimni, xotinim, qizimni va bir yilu to‘rt oyga to‘lgan qiz nabiramni ko‘rgandirsizlar. Ammo ayni damda hammadan ko‘p o‘ylayotganim  – onajonimni endi ko‘rmaysizlar. Menga mana shu mukofot berilgandan beri onamdan boshqa juda ko‘p kishilar shuhratimni baham ko‘rdilar”. Mashhur adib Nobel ma’ruzasida o‘z hayoti, ko‘nglidan o‘tgan fikrlaru, iztirobga solgan  voqea-hodisalarni qalamga oladi.

Atoqli muallifning  “Musallas o‘lkasi” romani “Jahon adabiyoti“ jurnalida e’lon qilinganiga bir necha yil bo‘ldi. Men darhol jurnalning tegishli sonlarini topib, yirik janrdagi nasriy asarni o‘qishga kirishdim. Undagi voqealar kishini lol qoldiradi, o‘quvchini nihoyatda qiziqtiradi. Qahramonlarning taqdiri, xatti-harakatlari va o‘y-tashvishlari sizni hayajonga soladi. Asar syujeti ham nihoyatda qiziqarli.

Xitoy dramaturgiyasi, adabiy tanqidchiligi va folklori haqida ham iliq so‘zlarni bildirish mumkin.

Xitoyda o‘zbek adabiyoti, O‘zbekistonda Xitoy adabiyoti kunlari tez-tez o‘tkazilib turilsa, ikki xalq adabiy aloqalari yanada mustahkamlanishiga shubha yo‘q.

Yurtimizda xitoy tilini o‘rganish yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Xitoylik shoir va yozuvchilarning ko‘plab nasriy va she’riy asarlari o‘zbek tiliga yanada ko‘proq tarjima qilinishi, Xitoy adabiyoti va san’ati hamda madaniyati namoyandalarining uchrashuvlari o‘tkazilib turilsa yanada ijobiy samaralar berishiga shubha yo‘q.

 Jovli XUSHBOQOV,

O‘zA muxbiri