Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
XEA: 2030 yilgacha dunyoda "yashil" vodorod ishlab chiqarish besh barobarga oshishi kutilmoqda
16:05 / 2025-09-16

Dunyoda past chiqindili vodorod ishlab chiqarish hajmi keyingi besh yil ichida besh barobarga oshishi mumkin. Bu haqda Xalqaro energetika agentligi (XEA) tomonidan e’lon qilingan “Global Hydrogen Review 2025” hisobotida qayd etildi.

Unda ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda ba’zi yirik loyihalar kechiktirilgani yoki to‘xtatilganiga qaramay, vodorod sohasi izchil rivojlanmoqda. Ayniqsa, past chiqindili vodorod ishlab chiqarish texnologiyalariga talab ortib borayotgani qayd etilgan. XEA tahlilchilari ushbu sohani barqaror kelajak energetika tizimining muhim tarkibiy qismi sifatida baholamoqda.

Shuningdek, 2024 yilda dunyoda vodorodga bo‘lgan umumiy talab 100 million tonnaga yetdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 2 foiz ko‘p. Ushbu talabning katta qismi hozircha issiqlik elektr stansiyalaridagi kabi an’anaviy usullarda, ya’ni chiqindi gazlarini tozalamasdan ishlab chiqarilgan vodorod hisobiga qoplanyapti. Eng yirik iste’molchilar sifatida neft qayta ishlash va og‘ir sanoat sohalari ko‘rsatilmoqda.

XEA tahlillariga ko‘ra, amaldagi tendensiyalar saqlanib qolsa, 2030 yilga kelib dunyo bo‘yicha past-emission vodorod ishlab chiqarish hajmi yiliga 37 million tonnaga yetishi mumkin. Bu avvalgi prognozlardan (49 million tonna) kamroq, biroq ko‘rsatkich shunda ham bir necha barobar o‘sishni namoyon etmoqda.

– Investorlarning vodorodga bo‘lgan qiziqishi o‘n yillik boshida keskin oshdi. Eng so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, vodorod texnologiyalari sohasidagi o‘sish iqtisodiy va siyosiy omillar ta’sirida bosimga uchragan bo‘lsa-da, olg‘a harakat qilishga doir aniq belgilarni ko‘rmoqdamiz. Bu jarayonni qo‘llab-quvvatlash uchun siyosatchilar tomonidan mavjud yordam choralarini saqlash, talabni rag‘batlantirish va infratuzilmani rivojlantirishni jadallashtirish juda muhim, – deya ta’kidlagan Xalqaro energetika agentligi rahbari Fatix Birol.

Mutaxassislar alohida e’tiborni Xitoyga qaratdi. Mamlakat dunyoda elektrolizer o‘rnatish bo‘yicha yetakchiga aylangan bo‘lib, jahon bo‘yicha mavjud quvvatlarning 65 foizi aynan shu davlat hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlari yangi istiqbolli bozor sifatida baholanadi. XEA ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu mintaqada 2030 yilgacha past-emissiyali vodorod ishlab chiqarish hajmini yiliga 3 ming tonnadan 430 ming tonnagacha oshirish mumkin.

Markaziy Osiyo mintaqasidagi qo‘shni davlatlar orasida past chiqindili vodorod ishlab chiqarish texnologiyalarini rivojlantirishga alohida e’tibor Rossiyada qaratilmoqda. Xususan, Saxalin orolida “Rosatom” davlat korporatsiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan yashil vodorod ishlab chiqarish bo‘yicha pilot loyihasi boshlangan. Loyiha doirasida qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida vodorod olish uchun elektroliz usulidan foydalaniladigan maxsus vodorod poligoni yaratish, shuningdek, uni ishlab chiqarish, saqlash va tashish texnologiyalarini yaratish rejalashtirilgan.

XEA hisobotida vodorod yoqilg‘isini dengiz transportida qo‘llash istiqbollari ham tahlil qilingan. Ta’kidlanishicha, dunyodagi taxminan 80 ta port kimyoviy mahsulotlar bilan ishlash tajribasiga ega bo‘lib, bu ularga yangi turdagi yoqilg‘ilarga o‘tishni tezlashtiradi.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, vodorod texnologiyalarini muvaffaqiyatli rivojlantirish uchun qayta tiklanadigan energetikaga sarmoya kiritish, kadrlar tayyorlash va infratuzilmani shakllantirish kabi masalalarni bir vaqtning o‘zida hal etish talab etiladi. Ayni shu yo‘nalishlar O‘zbekistonning energetika strategiyasida ustuvor deb belgilangan.

Jahon miqyosida vodorod sanoati taraqqiyotdan to‘xtagani yo‘q. Bir qator loyihalarning to‘xtatilganiga va mavjud qiyinchiliklarga qaramay, 2030 yilga kelib "yashil" va past chiqindili vodorod ishlab chiqarish hajmi bir necha baravarga oshishi kutilmoqda. O‘zbekiston ham "yashil" vodorodni tajriba tariqasida ishlab chiqarishga tayyorgarlik ko‘rayotganini inobatga olsak, XEAning mazkur bashorati mamlakatimiz tanlagan strategik yo‘nalishning to‘g‘ri ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.

Xulosa shuki, “yashil” vodorodni rivojlantirish barqaror energetika tizimini shakllantirishda strategik ahamiyat kasb etadi. U qayta tiklanadigan manbalardan olingani sababli atrof-muhitga minimal ta’sir ko‘rsatadi hamda karbon chiqindilarini keskin kamaytiradi. Bu esa mamlakatning energetik xavfsizligini ta’minlash, sanoat va transport sohalarida uglerod izini qisqartirish imkonini yaratadi. Shu bilan birga, “yashil” vodorod sohasini rivojlantirishda qator vazifalarni hal etish talab etiladi. Infratuzilmani yaratish, texnologiyalarni mahalliylashtirish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish va iqtisodiy mexanizmlarni joriy qilish kabilar shular jumlasidan.

Demak, “yashil” vodorod kelajakda iqtisodiy o‘sish, ekologiya barqarorligi va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlaydigan asosiy drayverlardan biri sifatida ulkan salohiyatga ega.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA