Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
XDPning eng faol deputati
17:37 / 2023-12-09

Buxoroda “O‘zbekiston Xalq Demokratik partiyasining eng faol deputati” ko‘rik-tanlovining Respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Deputatlar turli sohalardan saylanadi. Biroq ular deputatlik faoliyatini aynan qanday olib borish bo‘yicha maxsus o‘qitilmaydi. Har bir deputat o‘z bilim saviyasi, ishlash tajribasiga tayangan holda saylovchilar bilan ishlaydi va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish ishlarida ishtirok etadi. Mazkur ko‘rik-tanlov deputatlarga samarali faoliyat yuritishda yordam va yo‘nalish berish, rag‘batlantirish hamda o‘zaro tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish kabi maqsadlarda samarali faoliyat yuritgan, o‘z sohasida bir muncha yutuqlarga erishgan, o‘z qarashlari, nuqtai-nazari shakllangan, ma’lum bir tajribaga ega, jamiyatda hurmat qozongan shaxslarni qamrab olgan.  

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining mahalliy Kengashlardagi deputatlari soni anchagina salmoqli bo‘lib, 1 yarim mingdan ziyodni tashkil etadi.  

Ko‘rik-tanlov dastlab “Tashabbus va g‘oyalarimiz mustaqil O‘zbekiston taraqqiyoti uchun!” shiori ostida hududlar bo‘yicha – tuman, shahar, viloyatlar miqyosida o‘tkazilgan bo‘lib, deputatlar 3 ta shart bo‘yicha o‘zaro kuch sinashgan. Viloyatlar hamda Toshkent shahrida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan deputatlar Respublika bosqichida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘lgan edi.  

Respublika bosqichining ochilish marosimini O‘zbekiston XDP Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Maqsuda Varisova kirish so‘zi bilan ochdi. U keyingi yillarda deputatlarning maqomini oshirish, ularning yanada samarali faoliyat yuritishi uchun qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgartirishlar, partiya g‘oyalari va ilgari surayotgan vazifalar jamiyat hayotiga joriy etib kelinayotganligi xususida to‘xtalib o‘tdi.  

Tadbirda Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari Erkin Majidov ham so‘z olib, o‘zining faolligi, bilimi, shijoati orqali Respublika bosqichiga yo‘llanma olgan barcha qatnashchilarga muvaffaqiyatlar tiladi.  

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31 yilligi arafasida “Barchaga g‘amxo‘rlik – davlatning burchi” shiori ostida ko‘tarinki kayfiyatda boshlangan tanlovda ishtirokchilar 3 ta shart bo‘yicha--aholi muammosini hal etishning eng samarali yo‘li, siyosiy hozirjavoblik hamda erkin mavzuda yana bir bor imtihondan o‘tishdi. Hakamlar hay’atining qaroriga binoan birinchi o‘rin Olmaliq shahar Kengashi deputati Ergash Abduraimovga nasib etdi. Shuningdek, turli xil nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanib, diplom va sovg‘alar berildi.  

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.