Sog‘liqni saqlash tizimining bugungi zamon talablari asosida rivojlanishi aholi salomatligini saqlash, kasalliklarning oldini olish va samarali davolashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois yurtimizda sohada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilib, aholining kafolatlangan tibbiy xizmat olishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ushbu sohada Xalq demokratik partiyasi aholining qaysi hududda yashashidan qat’i nazar davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy xizmat olishi, sog‘liqni saqlash tizimini to‘liq raqamlashtirish orqali sohada shaffoflikni ta’minlash tarafdoridir. Partiya tibbiy yordam sifati, ayniqsa, kam ta’minlangan aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish tarmog‘ini rivojlantirishda bir qator ustuvor tashabbuslarni taklif etmoqda. Jumladan, tibbiy sug‘urtani joriy etishning huquqiy asoslarini takomillashtirish maqsadida “Davlat tibbiy sug‘urta to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish, viloyatlarning ko‘p tarmoqli tibbiyot va tibbiy diagnostika, bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari hamda tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarini zamonaviy tibbiyot texnikasi va texnologiyalari hamda tegishli mutaxassislar bilan ta’minlash bo‘yicha dastur qabul qilish tashabbuslari ilgari surilmoqda.

Shuningdek, partiya kasallikni barvaqt aniqlash orqali uning salbiy oqibatlarini yumshatishga erishish maqsadida aholini skrining qilish ko‘lamini kengaytirish choralarini ko‘rish, keksalarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirishga ustuvor ahamiyat qaratish niyatida. Shuning uchun keksa yoshdagi fuqarolarga tibbiy ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimini modernizatsiya qilish va rivojlantirish, keksalar va onkologik kasallar uchun sifatli xizmat ko‘rsatishning yuqori standartlarini ta’minlashga qaratilgan xospis tizimini rivojlantirish va “Xospis xizmatini ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish tashabbusi bildirilmoqda.
Joylarda davom etayotgan targ‘ibot tadbirlarida partiyaning tibbiyot yo‘nalishidagi maqsad-vazifalari keng aholi vakillariga yetkazilmoqda.
M.Komilova, O‘zA