French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
XDP tashkilotlari va deputatlik birlashmalari oldida turgan vazifalar belgilab olindi
12:25 / 2023-03-16

Kuni kecha O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi markaziy kengashining navbatdagi plenumi bo‘lib o‘tdi. Unda partiyaning joriy yil hamda o‘rta muddatli istiqbolga mo‘ljallangan ustuvor vazifalari, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan muhim islohotlar jarayonida partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalarining faol ishtirokini ta’minlash masalalari muhokama etildi.

Yig‘ilishda partiya rahbari Ulug‘bek Inoyatov dastlab yangilanayotgan Konstitutsiya haqida so‘z yuritdi. Unda ijtimoiy huquqlar bilan bog‘liq normalar ko‘payayotgani, jumladan, partiya g‘oyalari, takliflari aks etayotganiga e’tibor qaratdi. Xususan, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonning munosib yashash ehtiyojiga mos bo‘lishi, davlat fuqarolarni ishsizlikdan himoya qilishi, kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘rishi, nogironligi bo‘lgan shaxslar jamiyatning teng huquqli a’zosi bo‘lishiga oid kafolatlar belgilanayotgani, bepul tibbiy xizmat mustahkamlanayotgani partiya elektorati manfaatlarini ta’minlashda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.  

Qayd etilganidek, Xalq demokratik partiyasi Konstitutsiyaviy islohotlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlagan holda, unda belgilanayotgan yangi qoida va me’yorlarni keng jamoatchilik, partiya a’zolari va elektorati orasida keng tushuntirish, jamiyatda fuqarolik ma’rifatini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqmoqda. Shuningdek, referendumga munosib tayyorgarlik ko‘rish, partiyaning mazkur jarayonda faol ishtirok etishini ta’minlash zarurligi aytildi.  

Plenumda partiya va deputatlik birlashmalarining o‘tgan yildagi faoliyati sarhisob qilinib, amalga oshirilgan ishlar orqali partiya Saylovoldi dasturi ijrosini hamda elektorat manfaatlarini ta’minlashga e’tibor qaratilgani qayd etildi. Xususan, 16 ta dasturiy ustuvor maqsad partiya fraksiyasi ishtirokida qabul qilingan qonunlarda o‘z aksini topgan.  

Yig‘ilishda Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini 2023 yilda amalga oshirishga oid Davlat dasturida nazarda tutilgan maqsad-vazifalarni amalga oshirish davomida ham partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalari faol ishtirok etishi lozimligi tavsiya etildi.  

Kun tartibidagi masalalar bo‘yicha partiya faollari va deputatlar fikr-mulohaza va takliflarini bildirdi. Muhokamalardan so‘ng partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalari oldida turgan muhim vazifalar belgilab olindi.  

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA