Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
XDP tashkil topganining 34 yilligi nishonlandi
18:33 / 2025-11-01

Nukusda 1 noyabr – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tashkil topganining 34 yilligi munosabati bilan partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi tomonidan tantanali bayram tadbir o‘tkazildi.

Unda partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublika tashkiloti xodimlari, partiya tizimida mehnat qilgan faxriylar, faollar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi raisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi partiya fraksiyasi rahbari Xalilla Yeshimbetov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi o‘rinbosari Radjapbay Nurazizov barcha ishtirokchilarni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tashkil topganining 34 yilligi bayrami bilan muborakbod etishdi. Partiyaning mamlakatimizda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish hamda aholi manfaatlarini himoya qilishdagi o‘rni muhim ekanini ta’kidlashdi. Shuningdek, partiyaning ijtimoiy adolat tamoyillariga sodiq holda kam ta’minlangan va ehtiyojmand aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslari alohida qayd etildi.

Ma’lumot o‘rnida shuni aytish joizki, bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi a’zolari soni 66 ming 581 nafar bo‘lib, saylov huquqiga ega bo‘lgan aholining 6,6 foizini tashkil etadi. Ular 681 ta boshlang‘ich partiya tashkilotiga birlashgan. Partiya a’zolarining 33 ming 343 nafari yoki 50 foizi xotin-qiz, 28 ming 59 nafarini yoki 42 foizini yoshlar tashkid etadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Konunchilik palatasida 1 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida 11 nafar, Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarida 82 nafar O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan saylangan deputatlar faoliyat olib bormoqda.

O‘tgan besh yil davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi partiya fraksiyasi va Xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlaridagi partiya guruhlari tomonidan 520 ta masala ko‘rib chiqildi,  514 ta masala doimiy komissiya yig‘ilishiga va 374 ta masala sessiya kun tartibiga olib chiqildi va tegishli qarorlar qabul qilinishiga erishildi. Shuningdek, hududlardagi mavjud muammolarni hal etishga qaratilgan 2 ming 382 ta deputatlik so‘rovi yuborilib, shundan 2 ming 230 tasi ya’ni 91 foizi ijobiy hal etildi. Bundan tashqari, 240 marotaba joylardagi hududiy rahbarlar va mansabdor shaxslarning hisobotlari va axborotlari sessiyalarda eshitildi.  

Bundan tashqari, O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi, tuman va shahar kengashlari qoshidagi “Jamoatchilik qabulxonasi”ga fuqarolardan 4 ming 126 ta murojaat kelib tushgan, shundan 3 ming 727 tasi ya’ni jami ularning 90,3 foizi ijobiy yechimini topgan bo‘lib, qolgan murojaatlarning ijrosi deputatlar tomonidan nazoratga olingan.  

Hisobot davrida, “Inson qadri uchun” tamoyili asosida ko‘plab ishlar olib borildi. Sharoiti og‘ir bo‘lgan, kam ta’minlangan fuqarolarning turmush darajasini yaxshilash borasida “Mehr harakati” doirasida deputatlarimiz faol ishtirok etib, o‘z saylov okrugi hududidagi sharoiti og‘ir bo‘lgan 300 dan ortiq xonadondan xabar olindi. Aniqlangan mavjud muammolari tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda yechildi, shuningdek, ularga zarur kishqi kiyim-kechaklar, oziq-ovqat mahsulotlari berildi.

Birgina 2025 yilda partiyaning asosiy dasturiy maqsad va vazifalari, aholi, saylovchilarning partiyaga nisbatan xayrixohligi va ishonchini oshirish bo‘yicha o‘tkazilgan 1 ming 600 dan ortiq targ‘ibot tadbiri, loyihalar va aksiyalar natijasida 6 mingga yaqin fuqarolar a’zolikka qabul qilindi.

Shuningdek, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Harakat dasturidagi yo‘nalishlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining tegishli qonunlari, Prezidentning farmon va qarorlarining ijrosi jamoatchilik va deputatlik nazorati sifatida o‘rganilib, 104 ta masala partiya guruhlarida o‘rganildi, 103 ta masala doimiy komissiya yig‘ilishi va 95 ta masala sessiya kun tartibiga olib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilinishiga erishildi hamda 89 marotaba joylardagi hududiy rahbarlar va mansabdor shaxslarning hisoboti va axborotlari sessiyalarda eshitildi. 623 ta deputatlik so‘rovi yuborilib, shundan 595 tasi ya’ni 95 foizi ijobiy hal etildi.  

Joriy yil davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi partiya fraksiyasining ish rejasida belgilangan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturining joylardagi ijrosi yuzasidan Amudaryo, Beruniy, To‘rtko‘l, Taxtako‘pir va Ellikqal’a tumanlarida o‘rganish ishlari olib borilib, partiya fraksiyasi va partiya guruhlarining qo‘shma yig‘ilishlarida muhokama etilib, tegishi takliflar ishlab chiqildi.

Tadbir davomida jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etib, partiya nufuzini oshirishda fidoyilik ko‘rsatib kelayotgan faxriylar, deputatlar va faollar mehnati e’tirof etildi. Shu munosabat bilan, bir qator ishtirokchilarga partiyaning Markaziy Kengashi tomonidan ta’sis etilgan “O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi iftixori” ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi.

Bayram tadbiri samimiy muloqot, o‘zaro fikr almashish va birdamlik ruhida davom etdi. Ishtirokchilar partiyaning kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan maqsad va vazifalar yuzasidan fikr yuritdilar hamda aholi manfaatlarini himoya qilish yo‘lidagi sa’y-harakatlar belgilab olindi.

Tadbirda madaniyat bo‘limi san’atkorlari tomonidan ijro etilgan dilrabo kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga ko‘tarinki ruh va bayramona kayfiyat bag‘ishladi.

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri