Termiz davlat universitetida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Surxondaryo viloyat kengashining “Siyosatdagi yoshlar” intellektual turniri bo‘lib o‘tdi.
Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Termiz davlat universitetining “Gumata”, Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetining “Parlament”, Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filialining “Turkiston” hamda Termiz davlat pedagogika institutining “Bilimdonlar” jamoalari o‘zaro bellashdi.

Turnir ishtirokchilari davlat boshqaruvi va siyosiy jarayonlarga oid tezkor savol-javob, fikrlash va mantiqiy tahlil hamda munozara va debat shartlari asosida o‘zlarining siyosiy-huquqiy bilimlarini namoyish etdi.
Qiziqarli bahs-munozaralar asosida o‘tgan intellektual turnir yigit-qizlarning siyosiy jarayonlarda faol ishtirokini ta’minlab, ularning ijtimoiy-iqtisodiy masalalarda ovozini kuchaytirishga, ta’lim, salomatlik va ijtimoiy tenglik sohalaridagi muammolarni hal etishga qaratilgan tashabbuslarini rivojlantirishga xizmat qildi. Shuningdek, yoshlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini kuchaytirib, “Siyosiy liderlik” va “Jamoatchilik boshqaruvi” sohalarida malaka oshirishiga ko‘maklashdi.

Tadbir yakunida Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetining “Parlament” jamoasi faxrli birinchi o‘rinni egalladi. Termiz davlat universitetining “Gumata” jamoasi ikkinchi, Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filialining “Turkiston” jamoasi uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
G‘oliblar partiya tashkilotining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri