Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
XDP pensiya yoshini o‘zgartirmasdan saqlab qolish tarafdori
16:24 / 2024-10-07

Kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirishni maqsad qilgan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi yangi Saylovoldi dasturida pensiya yoshini o‘zgartirmasdan saqlab qolish bo‘yicha siyosatni davom ettirish tashabbusini ilgari surmoqda.

Partiya barcha fuqarolar uchun pensiya va ijtimoiy nafaqalar insonning hayotiy ehtiyojlarini to‘laqonli qondirishga yetarli bo‘lishiga erishish yo‘lida bir qator masalalarni qonun darajasida tartibga solish zarur, deb hisoblaydi.  

Jumladan, sobiq jamoa xo‘jaligi va shirkat xo‘jaligida mehnat faoliyatini yuritgan fuqarolarning mehnat faoliyati davrlarini to‘liq yil sifatida inobatga olish, ayollarga pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan ish stajiga bolasi 3 yoshga to‘lguncha uni parvarishlash ta’tillarida bo‘lish vaqtini to‘liq qo‘shib hisoblash, tug‘ma nogironlarni, o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan 80 yoshga to‘lgan qariyalarga qarab kelayotgan kishilarga yoshga doir pensiya tayanch miqdorini olishga bo‘lgan cheklovni bekor qilish kabi maqsad va g‘oyalar ilgari surilmoqda.   

Shuningdek, partiya Saylovoldi dasturida er yoki xotini vafot etganda hamda vafot etgan shaxs ko‘proq pensiya olgan taqdirda, ushbu pensiyani uning hayot bo‘lgan turmush o‘rtog‘iga o‘tkazib berish (pensiyani almashtirish) tartibini joriy etishni ilgari surmoqda.  

Pensiyaga chiqib, kamida besh yil ishlab, daromad solig‘i va ijtimoiy soliqni to‘lagan pensionerlar uchun muqaddam tayinlangan pensiyani qayta hisoblab, oshirilgan miqdorda tayinlash imkoniyatini berish kabi tashabbuslar partiya Saylovoldi dasturidan o‘rin olgan.   

XDPning bu kabi tashabbus va g‘oyalari joylarda tashkil etilayotgan tashviqot tadbirlarida keng targ‘ib etilmoqda, saylovchilarga tushuntirilmoqda.   

Muhtarama Komilova, O‘zA