Yaqinlashib kelayotgan saylovlarga siyosiy partiyalar tomonidan qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Bu yilgi saylovlar xalqimiz uchun ham, partiyalar va nomzodlar uchun ham yangicha sinov maydoni bo‘ladi. Chunki aralash tizimda o‘tkaziladigan mazkur siyosiy jarayonda saylovchilar nomzodlargagina emas, partiyalarga ham ishonch bildiradi, ularni yoqlab ovoz beradi. Bu esa partiyalardan yanada katta mas’uliyat talab etadi.
Shu bois partiyalar tomonidan joylarda parlament hamda mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar bilan uchrashuv va seminarlar tashkil qilinmoqda. Ularda targ‘ibot tadbirlariga tayyorgarlik, zamonaviy usullarni samarali qo‘llash, xususan, ijtimoiy tarmoqlar, axborot kommunikatsiya vositalaridan to‘g‘ri foydalanishga oid masalalar muhokama qilinmoqda.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tomonidan Toshkent shahrida ana shunday uchrashuv tashkil etildi. Unda O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi Ulug‘bek Inoyatov ishtirok etdi.
Partiya yetakchisi saylov kampaniyasi va targ‘ibot tadbirlaridagi o‘ziga xosliklarga alohida to‘xtalib o‘tdi. Nomzodlarning saylov jarayonidagi munosib ishtiroki, faol va tashabbuskorligi partiyaning vakillik organlaridan munosib o‘rin egallashiga zamin bo‘lishi qayd etildi.

Ta’kidlash lozimki, bu kabi seminarlar deputatlikka nomzodlarning saylov jarayoniga oid barcha bosqichlarda munosib ishtirok etishi va o‘z saylovoldi dasturlarini tayyorlashida kerakli uslubiy ko‘nikmalarga ega bo‘lishlariga xizmat qiladi. Siyosiy jarayondagi ko‘nikmalarini oshiradi.
M.Komilova, O‘zA