Yoshlarning bandligini ta’minlash, ularning doimiy ish joyiga ega bo‘lishiga ko‘maklashish, natijada oilalarni barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishi, kambag‘allikdan chiqarish alohida e’tiborga molik masala.
Yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida “Ishga marhamat” mono-markazlari, shuningdek, qator oliy ta’lim muassasalari va yirik sanoat tarmoqlarida malakani baholash markazlari tashkil etilib, bu orqali joriy yilning o‘zida minglab yigit-qizga malaka sertifikati berildi hamda yoshlarga dehqonchilik uchun yer ajratish bo‘yicha bir qator amaliy ishlarga qo‘l urildi.
Biroq joylarda yoshlarning bandligini ta’minlash borasida muammolar saqlanib qolmoqda, ular bilan ishlashda hamon kamchiliklar kuzatilmoqda.
Shulardan kelib chiqqan holda, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining yoshlarni ish bilan bandligiga ko‘maklashish, yangi ish o‘rinlarini tashkil etish, shuningdek, kambag‘al, ishsiz fuqarolarni doimiy daromad manbaiga o‘rgatish hamda mehnat faolligini oshirish maqsadida kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha qilingan ishlar yuzasidan axborotini eshitish taklifini ilgari surdi.
Fraksiya tashabbusi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi, deya xabar beradi Xalq demokratik partiyasi Axborot xizmati.
O‘zbekiston XDP o‘zining Saylovoldi dasturida aholini ijtimoiy nafaqalardan yuqoriroq mehnat haqi to‘lanadigan barqaror ish o‘rinlari bilan ta’minlash, mehnatga layoqatli aholining shaxsiy tashabbuslari va uddaburonligini rag‘batlantirish, yoshlarning kasb-hunar tanlashi, bepul va sifatli ta’lim olishi, o‘quv muassasalarini tugatgandan so‘ng ishga joylashish kafolatini mustahkamlash takliflarini ilgari surgan bo‘lib, bundan keyin ham hukumatning bandlikni ta’minlash sohasidagi faoliyatini kuzatib boradi.
Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA