Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
XDP fraksiyasi maktablarda oʻquv jarayoni xavfsiz tashkil etilishi boʻyicha hukumatga takliflar kiritdi
15:31 / 2020-09-16

Dunyo boʻylab tarqalgan koronavirus aholi sogʻligʻiga xavf solish bilan birga, mamlakatlar iqtisodiyoti, ijtimoiy hayotni jiddiy sinovlar qarshisida qoldirdi.


Dunyo boʻylab tarqalgan koronavirus aholi sogʻligʻiga xavf solish bilan birga, mamlakatlar iqtisodiyoti, ijtimoiy hayotni jiddiy sinovlar qarshisida qoldirdi. 

Bir necha oydan buyon davom etayotgan murakkab vaziyatda davlatimiz rahbari boshchiligida yurtimizda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Koronavirus pandemiyasi har qanday soha kabi taʼlim tizimi oldiga ham yangi va jiddiy muammolar qoʻydi. Natijada taʼlim muassasalarida anʼanaviy taʼlim-tarbiya jarayonlari toʻxtatilib, masofaviy taʼlimga oʻtishga majbur boʻlindi. Farzandlarimizning uzoq muddat uyda qolishi ularning taʼlim va tarbiyasi izdan chiqishiga, jismoniy zaiflashishiga, tengdoshlaridan ayrilib ruhiy murakkabliklarga uchrashishiga sabab boʻlmoqda.

Shuning uchun Hukumat komissiyasi tomonidan pandemiya sharoitida taʼlim-tarbiya tizimini yoʻlga qoʻyish maqsadida sentyabr oyidan mamlakatimizda anʼanaviy taʼlim jarayoni boshlanishi xabar qilindi.

Maktablarning karantin talablariga tayyorligi darajasini oʻrganishda, amaliy yordam koʻrsatishda mahalliy hokimliklar, boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan birga Xalq demokratik partiyasining mahalliy Kengashlardagi deputatlari va faollari ham bevosita ishtirok etdi.

Respublika miqyosida toʻplangan maʼlumotlar umumlashtirilib, muammo va asosiy kamchiliklarga nimalar sabab boʻlayotgani 14-sentyabr kuni partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi majlisida tahlil qilindi. Hududlardagi real vaziyat, oʻquvchi va oʻqituvchilarning salomatligini saqlash bosh vazifa ekanidan kelib chiqqan holda, fikr-mulohazalar bildirildi.

Oʻrganish natijalari tahlili asosida, mahalliy Kengashlardagi deputatlar bilan bamaslahat holda, pandemiya sharoitida maktablardagi oʻqish jarayonida oʻqituvchi va oʻquvchilar xavfsizligini oshirish boʻyicha takliflar tayyorlandi. Mazkur takliflar Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Behzod Musayevga kiritildi.

Deputatlar birinchi navbatda barcha maktab oʻqituvchilari COVID-19 virusiga test topshirishini tizimli va toʻliq tashkil etish lozim, deb hisoblaydi.

Ikkinchidan, maktablarga antiseptik vositalar hamda harorat oʻlchagichlar bilan taʼminlash boʻyicha aniq choralar koʻrish zarurati yuqori. Afsuski, hududlarda bu masalada tizimli yondashuv kuzatilmayapti.

Uchinchidan, maktablarni ichimlik suvi, qoʻl yuvish jihozlari va vositalari bilan taʼminlash dolzarb ahamiyatga ega. Ayniqsa, markazlardan olis tumanlardagi ayrim maktablarda bu boradagi muammolar ancha chuqurlashgan.

Toʻrtinchidan, har bir maktabda hamshira shtatini joriy qilish, uslubiy nazoratni Sogʻliqni saqlash vazirligiga qoldirgan holda, ushbu shtatlarni Xalq taʼlimi vazirligi tasarrufiga oʻtkazish. Bitta maktabda kamida bir nafar hamshira doimiy ishlashiga erishishimiz lozim.

Beshinchidan, maktablardagi tibbiyot xonalari hamda izolyatorlarni tegishli jihozlar va dori-darmonlar bilan taʼminlash ehtiyoji katta. Oʻrganilgan aksariyat maktablarda bu masalada kamchiliklar kuzatilgan.

Mamlakatdagi murakkab va sinovli davrda hamjihat boʻlib, amaliy yordam, fikr hamda takliflar bilan bir-birimizga koʻmak berishimiz kerak. Muammolarni hal qilish yoʻllari birgalikda izlanishi muhim.

Xalq demokratik partiyasi barcha darajadagi deputatlik birlashmalari orqali maktablardagi oʻquv jarayonlarini xavfsiz va samarali tashkil qilish ishlarida faol ishtirok etadi.

Xalq demokratik partiyasi
Axborot xizmati