Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
XDP: Atrof-muhitni asrashda ijtimoiy muloqot va jamoat nazorati mexanizmini keng joriy etish lozim
15:17 / 2025-12-01

So‘nggi yillarda dunyo miqyosida kuzatilayotgan iqlim o‘zgarishlari odamlar hayot sifati, iqtisodiyot va ijtimoiy jarayonlarga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, murakkab ekologik muammolar girdobida qolayotgan mintaqamizda ekologik barqarorlikni ta’minlash dolzarb masalaga aylandi.

Shu nuqtai nazardan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning "Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni ijtimoiy ahamiyati yuqori bo‘lgan hujjat sifatida e’tirof etilmoqda. Mazkur farmonda ustuvor ekologik vazifalar belgilanar ekan, ularni shakllantirish jarayonida keng jamoatchilik vakillarining taklif va mulohazalari inobatga olingani alohida qayd etildi.

Farmonga muvofiq, Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan kechiktirib bo‘lmaydigan choralarni amalga oshirish bo‘yicha maxsus komissiya tuzildi.  

Komissiya qurilish jarayonlariga cheklovlar joriy etishi, chang chiqarilishini kamaytiruvchi uskunalarni o‘rnatish kabi talablarga rioya etilishini ta’minlash vazifasini bajaradi. Shu bilan birga, komissiya tomonidan qabul qilinadigan qarorlar va ko‘rsatmalar barcha davlat organlari, nazorat tuzilmalari, yuridik va jismoniy shaxslar uchun majburiy hisoblanadi. Bu esa ekologik barqarorlikka tezkor erishish imkonini beradi.

Xalq demokratik partiyasi mazkur farmonni o‘z vaqtida qabul qilingan, aholining ekologik va ijtimoiy muhofazasiga yo‘naltirilgan muhim hujjat sifatida baholaydi. Partiya o‘z dasturida iqtisodiy rivojlanishni davlat va jamiyat tomonidan tartibga solish zarurligini ta’kidlaydi. Ekologik jarayonlarda keng ijtimoiy muloqot va jamoat nazoratini joriy etish, yangi texnologiyalarni qo‘llash, mehnat muhofazasi hamda ishlab chiqarishning ekologik tozaligini ta’minlash muhim yo‘nalish sifatida ko‘rsatib o‘tiladi.

Partiya vakillarining fikricha, murakkab ekologik vaziyatda aholining ehtiyojmand qatlamlari, xususan bolalar va nuroniylarni qo‘shimcha muhofaza qilish choralarini kuchaytirish lozim.

Birinchidan, poytaxt va boshqa shaharlarda nuroniylar uchun xordiq chiqarish maskanlarini kengaytirish, zarurat tug‘ilganda ularga tezkor tibbiy va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish muhimdir.

Ikkinchidan, ta’lim muassasalarida, dars xonalari va mashg‘ulotlar o‘tkaziladigan joylarda havoni tozalash texnologiyalarini bosqichma-bosqich joriy etish zarur.

Xalq demokratik partiyasi parlamentdagi fraksiyasi, xalq deputatlari Kengashlaridagi guruhlari va hududiy tashkilotlari bilan birgalikda farmonda belgilangan chora-tadbirlarning sifatli ijrosini ta’minlash maqsadida keng jamoatchilik nazorati va ta’sirchan deputatlik monitoringini amalga oshirishini bildirdi.

Hamroz Bayanov,

O‘zA