Kuz faslida qurigan daraxt barglari – xazon endi iqtisodiy qiymatga ega mahsulotga aylanmoqda. Buxoro davlat universiteti talabalari – yosh tadqiqotchilar qurigan barglardan qog‘oz ishlab chiqarish texnologiyasini ishlab chiqishga muvaffaq bo‘lishdi.
– Kuz faslida hosil bo‘lgan xazonlar odatda yig‘ilib, yoqib yuboriladi, -deydi loyiha mualliflaridan biri, Buxoro davlat universiteti talabasi Jahongir Nazarov. –Bu esa tabiatga, havo tarkibiga va inson salomatligiga katta zarar yetkazadi. Biz esa xazon barglarini kimyoviy ishlovdan o‘tkazish orqali qog‘oz olishga erishdik. Asosiy maqsadimiz – ushbu qog‘ozdan ekologik toza qog‘oz paketlar ishlab chiqarish. Shu bilan birga, A4 formatdagi qog‘ozlar va turli xil qog‘oz mahsulotlarini tayyorlash imkoniyati ham mavjud.
Yosh ixtirochilarning rejalari faqat shu bilan cheklanib qolmayapti. Bugungi kunda jadal rivojlanayotgan parrandachilik sohasida ham katta imkoniyatlar mavjud. Loyihaning navbatdagi yo‘nalishi – tovuq patlaridan plastik o‘rnini bosuvchi ekologik toza xomashyo ishlab chiqarish hisoblanadi.
[gallery-27619]
– Tovuq pati tarkibida keratin moddasi juda ko‘p bo‘ladi, –deydi Jahongir Nazarov. –Biz keratinni laboratoriya sharoitida ajratib olib, uni kimyoviy ishlov orqali plastikka o‘xshash mahsulotga aylantirishni rejalashtirdik. Bu esa ekologik jihatdan xavfsiz, tabiatga zarar yetkazmaydigan mahsulot bo‘ladi.
Universitet laboratoriyalarida yaratilgan zamonaviy sharoit, ilmiy tadqiqotlar uchun berilgan imkoniyatlar va innovatsion muhit buxorolik yoshlarni yangi g‘oyalar, yangi ixtirolar sari undamoqda.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari