Prezidentimiz joriy yilning 20 avgust kuni o‘n mingga yaqin tadbirkorlar ishtirokida yangicha formatda ilk marotaba ochiq muloqot o‘tkazdi hamda tadbirkorlarni qiynayotgan muammolarni hal etishga qaratilgan 7 ta muhim yo‘nalish belgilandi.
Farg‘ona shahridagi viloyat "Tadbirkorlar uyi"da davlatimiz rahbari boshlab bergan uchrashuvning mantiqiy davomi sifatida O‘zbekiston Savdo - sanoat palatasi raisi Adham Ikramov va viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ishirokida viloyatdagi tabirkorlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Videokonferensaloqa shaklida o‘tgan tadbirda viloyat va 19 ta shahar-tuman studiyalaridan jami 650 nafardan ziyod ishbilarmonlar qatnashdi.
Toshloq tumani studiyasidan tadbirda qatnashgan Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikramov, tegishli respublika vazirlik va idoralari rahbarlari ishtirokida bunday tadbirlar aniq reja asosida davomli bo‘lishini, tadbirkorlarning murojaatlari hamda muammolari muntazam o‘rganilib va hal etilib borilishini ta’kidladi.
Ayniqsa, bu borada “Farg‘ona tajribasi” borligiga, Xayrullo Bozorov tashabbusi bilan Farg‘onada "Tadbirkorlar uyi" tashkil etilib, endilikda u Tadbirkorlar kengashi bo‘layotganligiga yig‘ilganlar e’tiborini tortdi. Farg‘onalik ishbilarmonlar tashabbuskor va intiluvchan ekanligini alohida qayd etdi.
[gallery-3856]
-Tadbirkor bilan birga bo‘lmagan, uni qo‘llab-quvvatlamagan hokimga, ijro organi rahbariga oramizda o‘rin yo‘q, - deya ta’kidlagan viloyat hokimi Prezidentimiz farg‘onaliklarga bildirgan yuksak ishonchga javoban tadbirkorlikni rivojlantirishda viloyatni namunali hududga aylantirib, amaldagi natijalar bilan yutuqlarni ko‘rsatish lozimligini qayd etdi.
bugungi tadbirkorning savoli, bugungi tadbirkorning murojaati bundan 5 yil oldingi tadbirkorning savolidan, murojatidan mutlaqo tubdan farq qilishini ta’kidlagan Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikramov ayni paytda farg‘onalik ishbilarmonlarning respublika miqyosida hal etilishi zarur bo‘lgan bir qator murojaatlarini tingladi.
Farg‘ona shahridagi “Ilyasov” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Faxriddin Ilyosov Rossiyadagi riteylerlar bilan ishlashda banklar orqali zarur bo‘lgan aylanma mablag‘ga ega bo‘lishda muammosi borligini aytgan bo‘lsa, Farg‘ona tumanidagi tadbirkorlar tijorat bankidan kredit olishda qiyinchilik yuzaga kelayotganini viloyat hokimi o‘zi aytib, ulardan shu kunga qadar bo‘lgan murojaatlardan kelib chiqib, bu masalani yechishda respublika darjasida yordam so‘radi.
Uchrashuvda investorlarni viloyatga ko‘proq jalb etish masalasi ham o‘rtaga tashlandi. So‘xlik tadbirkorlar ham o‘z faoliyatlarini kengaytirish yuzasidan taklif va muammolarini aytib o‘tishdi. Tegishli respublika tashkilotlari ishtirokida ularni hal etish chora-tadbirlari kelishib olindi. Shuningdek, barcha tadbirkorlar murojaatlarini va takliflarini umumlashtirish va Savdo-sanoat palatasi rahbariyatiga yetkazish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berildi. Ushbu muammo va takliflar respublika darajasida ko‘rib chiqilishi ma’lum qilindi.
M. Sulaymonov, O‘zA
M. Qodirov olgan surat