Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xayrullo Bozorov Saad al-Qaddumiy bilan uchrashdi
17:02 / 2022-09-10

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov viloyatda bo‘lib turgan Butunjahon hunarmandlar kengashi (World craft counsil) prezidenti Saad al-Qaddumiy, Kengashning Osiyo-Tinch Okeani mintaqasi Bosh kotibi, vitse-prezident Aziz Murtazayev hamda professor Asif Shayxdan iborat xalqaro baholash komissiyasi a’zolari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Marg‘ilon shahriga Butunjahon hunarmandlar kengashi tomonidan beriladigan Hunarmandlar shahri maqomini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Mamlakatimizda hunarmandchilikni rivojlantirishga juda katta e’tibor berilmoqda. Buning natijasida milliy hunarmandchilik, xalq badiiy va amaliy san’atini rivojlantirish, bu orqali xalqimizning boy madaniy merosi va tarixiy an’analarini saqlash, band bo‘lmagan aholi, ayniqsa, yoshlar va ayollarning hunarmandchilik bilan shug‘ullanishiga keng imkoniyat yaratildi.

Xususan, Farg‘ona viloyatida bu sohani rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli amalga oshirilmoqda. Joriy yilda 13 ta tumanda yangi qurilgan “Hunarmandlar markazlari” ish boshladi. Rishton tumanida 4 ta kulolchilikka ixtisoslashgan hunarmandlar markazlari barpo etilmoqda. Uchrashuvda ana shu ishlar xususida so‘z yuritildi.

Prezidentimizning qo‘llab-quvvatlashi natijasida Furqat tumanida O‘zbekiston Xalq ustasi Muhammadali Yunusovning ustaxonasi qoshida yog‘och o‘ymakorligi markazi barpo etilgani, korxona huzurida hunarlar bilan birga matematika, geometriya, fizika, kimyo kabi fanlarni chuqurlashtirib o‘qitadigan maktab tashkil etilayotgani ham alohida qayd etildi. “Usta-shogird” an’anasi orqali hunarmandlarning oilaviy sulolalari avloddan-avlodga kasb sirlarini yetkazib kelayotgani qayd etildi.

2014 yildan buyon mavjud bo‘lgan Jahon hunarmandlar shaharlari ro‘yxatidagi dunyoning 55 shahri qatoriga O‘zbekistondan ikki shahar – Qo‘qon va Buxoro kiritilganini mamnuniyat bilan qayd etgan viloyat hokimi Marg‘ilon shahriga ham bunday yuksak maqomning berilishi Farg‘ona viloyati hunarmandchiligi uchun yana bir katta yutuq bo‘lishini ta’kidladi.

Butunjahon hunarmandlar kengashi prezidenti Saad al-Qaddumiy Farg‘ona viloyati qadimdan hunarmandchilik rivojlangan madaniyat markazlaridan biri ekani, hunarmandchilik va xalq amaliy san’atining turli yo‘nalishlari rivoj topganidan yaxshi xabardor ekanini aytib, bu borada O‘zbekistonda bugungi kunda amalga oshirilayotgan ishlar dunyo hunarmandlari jamoatchiligi tomonidan katta e’tirof etilayotganini qayd etdi.

Viloyat hokimi mehmonlarni joriy yil 20-22 oktyabr kunlari Marg‘ilonda bo‘lib o‘tadigan “Atlas bayrami” beshinchi milliy matolar festivali hamda kelgusi yil Qo‘qonda o‘tkaziladigan II Xalqaro hunarmandchilik festivaliga, shuningdek, Rishtonda o‘tkazish rejalashtirilayotgan kulolchilik bo‘yicha xalqaro konferensiyaga taklif qildi.

M. Sulaymonov, O‘zA