Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xayrullo Bozorov Rossiyaning “Aeroportы Regionov” xoldingi vakillarini qabul qildi
18:41 / 2022-07-14

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Sergey Krasnov boshchiligidagi Rossiyaning yirik “Aeroportы Regionov” xoldingi vakillarini qabul qildi.

Uchrashuvda rekonstruksiya va modernizatsiya qilish orqali Farg‘ona aeroportini rivojlantirish istiqbollari hamda “Aeroportы Regionov” xoldingining bu jarayonda ishtiroki imkoniyatlari muhokama qilindi.

Farg‘ona vodiysi viloyatlari hamda qo‘shni mamlakatlarning chegaradosh viloyatlari aholisi sonini hisobga olganda Farg‘ona shahri aeroportini kengaytirish hamda modernizatsiya qilish istiqbolli loyiha ekani qayd etildi. Shuningdek, kelgusida Farg‘ona aeroportini Yevropa va Osiyo o‘rtasida xalqaro tranzit tuguniga aylantirish, qo‘shimcha kargo terminali barpo etish orqali yuk tashish hajmini oshirish imkoniyatlari yuqori baholandi. Shu bilan birga, Farg‘ona vodiysi viloyatlari uchun yagona yirik aeroport qurish loyihasi yuzasidan ham fikr almashildi.

“Aeroportы Regionov” xoldingi tomonidan O‘zbekistonda tashkil etilishi rejalashtirilayotgan o‘rta masofaga mo‘ljallangan Sukhoi Superjet 100 samolyotlari bilan mahalliy reyslarda xizmat ko‘rsatuvchi aviakompaniyani Farg‘ona aeroportida joylashtirish bo‘yicha kelishildi. Rossiyaning Rostov, Yekaterinburg, Nijnыy Novgorod, Samara, Saratov, Tobolsk, Novыy Urengoy va Petropavlovsk-Kamchatsk shaharlaridagi xalqaro aeroportlarni kompleks rivojlantirish dasturi orqali o‘z investitsiyalari hamda davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiyasini amalga oshirib, boshqarib kelayotgan “Aeroportы Regionov” xoldingi bugungi kunda ushbu aeroportlarda yillik 16 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi. “Aeroportы Regionov” xoldingi shuningdek “Novaport Xolding” bilan hamkorlikda Rossiyadagi kichik hududiy aeroportlarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan “Aeroportы Bolshoy Stranы” loyihasini ham amalga oshirmoqda. Ushbu loyiha hozirda 6 ta aeroportni o‘zida jamlab, yillik 2,6 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish darajasiga yetgan.

Hududiy xalqaro aeroportlarini modernizatsiya qilish va operatsion samaradorligini oshirish uchun xususiy sektorga davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida boshqaruvga berish vazifasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 8 apreldagi “Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy o‘sish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilab berilgan.

M. Sulaymonov, O‘zA