Farg‘ona viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Xayrullo Bozorov viloyat sessiyasida xalq ta’limi tizimida uchrayotgan muammolar, ta’lim sifatining pastligi haqida gapirdi.
– Xalq ta’limi tizimi bo‘yicha o‘quvchilarning ta’lim-tarbiyasi bilan shug‘ullanish, ta’lim sifatini yaxshilash kundalik faoliyatimizning ajralmas qismi bo‘lib qoladi. Men o‘zim Qo‘qondagi bir qator maktablarga borib, o‘quvchilar bilan suhbatlashdim. Ilgari bizdan karra jadvalini so‘rashardi, bilimimizni aniqlash uchun. Hozirgi o‘quvchilar hatto bugun qanday kun, qaysi fanlar borligini, hatto sanashni ham bilmaydi. Davomad nol darajada. Onlayn darslarda ham umuman o‘quvchilar qatnashgani yo‘q. Ertaga ularning taqdiri nima bo‘ladi? Yig‘lash kerak.
Ertaga qanday kelajak kutyapti bizni? Ularga kompyuterni o‘rgatish kerak. Dasturlar uyoqda tursin, kompyuter nomlanishini, monitorni bilmaydi. Alisher Navoiy, Amir Temur kabi bobolarimiz haqida tushuncha yo‘q. Qo‘qon maktablaridagi holat nihoyatda achinarli. Biz maktab direktorlarining 50 foizidan ortig‘ini yangilaymiz. Hozirda Qo‘qon shahrida kompleks o‘rganishlar olib borilyapti. Bu bitta hududdagi holat. Boshqa tuman-shaharlarda bundan battar ham bo‘lishi mumkin. Biz hamma tumanlarda o‘rganish o‘tkazamiz. Mutasaddi rahbarlarning yarmi lavozimiga noloyiq.
Umumta’lim maktablaridagi 250 nafardan ziyod direktorlar hamda 10 ming 425 nafar pedagog xodimni 2021 yil davomida malakasini oshirish choralari ko‘riladi. Shuningdek, Qo‘qon shahridagi 41 ta umumta’lim maktabi raqamlashtiriladi.
N.Nasriyev, O‘zA