Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xayrullo Bozorov: “Kambag‘allikdan qutulish uchun mahallabay tizimi asosida xonadonma-xonadon, fuqarobay ishlash kerak”
13:04 / 2021-02-15

Farg‘ona viloyatida mahallabay tizimi asosida yoshlar va ayollarni ish bilan ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Beshariq tumanida amalga oshirilayotgan bir qator loyihalar bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan ajratilgan 1 milliard so‘m mablag‘ evaziga Beshariq tumanida “Ko'rk” tikuvchilik fabrikasi ish boshladi. Bu yerda “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 200 nafar beshariqlik xotin-qiz ish bilan ta’minlandi.  

– Fabrikamizda kattalar va bolalar uchun kiyim-kechak tikiladi. Mahsulotlarimizning asosiy qismi eksportga mo‘ljallangan, – deydi “Sherwood Design” korxonasi rahbari Sherzod Erkayev – Ish ikki smenada tashkil etilgan bo‘lib, ishchi-xodimlar uchun barcha sharoit yaratilgan.

Korxonaning ochilish marosimida Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etdi.

– Har uch daftarga kiritilgan fuqarolarning bandligini ta’minlasak, kambag‘allikdan qutulamiz. Buning uchun mahallabay ishlash tizimiga biriktirilgan vakillar hamkorlikda xonadonma-xonadon, fuqarobay ishlashimiz kerak, – dedi viloyat rahbari.  

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi yana bir loyiha – “Vorux-Dasht” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida “Adirobod g‘unchalari” ishlab chiqarish kooperatsiyasini tashkil qildi.  

Kooperatsiya uchun ajratilgan 20 gektar yer maydoni xonadonma-xonadan yurish orqali “Ayollar daftari”ga kiritilgan 100 nafar xotin-qizga 20 sotixdan ajratib berildi.  

Suv muammosi sabab ancha yillardan buyon foydalanilmayotgan yerni obod qilish uchun ancha ter to‘kishga to‘g‘ri keldi. Maydon tekislanib, shudgor qilindi. Eng avvalo, ekin uchun suv muhim. Shu bois, yerni sug‘orish uchun quduq qazilib, suv chiqarildi. Kooperatsiya a’zolarining ishdan so‘ng maroqli dam olib, hordiq chiqarishlari uchun zamonaviy shiypon ham qad rostladi. Shiyponda ayollar xonasi, dam olish xonasi, oshxona, yuvinish xonalarining mavjudligi kooperatsiya a’zolari uchun yana bir qulaylik bo‘ldi.  

Yer egalarini oilaviy sharoitini yaxshilash bilan kasaba uyushmalari ularni chiqimdor qilmaslik uchun meva ko‘chatlarini ham bepul tarqatdi. Hozir bu yerga o‘rik va bodom ko‘chatlari ekilib, qator oralariga dukkakli ekinlar ekish uchun tayyor holga keltirildi. Endilikda yer egasiga aylangan oila vakillari o‘z yerlarida mehnat qilayotganliklaridan xursand.  

– Shu kungacha kunlik ishlarga chiqib, ro‘zg‘or tebratardim. Ayol boshim bilan pul topish uchun hatto Jizzax, Toshkent viloyatlariga borib ishlab kelishga to‘g‘ri kelardi, – deydi tumanning Yangiqo‘rg‘on mahallasida yashovchi Soliyaxon Ibragimova. – Oilamizdagi holatdan yaxshi xabardor bo‘lgan kasaba uyushma vakillari menga ham 20 sotix yer ajratib berishga qaror qilishdi. Yerga bodom va o‘rik mevalarini ekdik. Qator oralariga esa dukkakli ekinlar ekaman. Bu esa oilamizga yaxshigina daromad keltiradi. Yangiqashqar mahallasida “Ayollar daftari” ro‘yxatida turuvchi Gulzira Turanovaga ham “Adirobod g‘unchalari” ishlab chiqarish kooperatsiyasidan 20 sotix yer ajratib berildi.

– Oilaviy sharoitimdan kelib chiqib, menga 20 sotix yer ajratib berildi. Baraka topishsin, meva ko‘chatlarini ham bepul berishdi. Endi bu yerda astoydil mehnat qilib, oilamiz daromadini oshiramiz. Bizni o‘ylab, mana shunday yaxshiliklarni qilayotgan davlatimiz rahbariga, kasaba uyushmalariga “Adirobod g‘unchalari” ishlab chiqarish kooperatsiyasi a’zolari nomidan rahmat aytaman.

Viloyat hokimi mazkur kooperatsiya faoliyati bilan tanishdi, bu yerni yanada kengaytirish, tomchilatib sug‘orish uchun tik artezan quduqlari qazish haqida topshiriq berdi.

 

M.Sulaymonov,  M.Qodirov (surat), O‘zA