Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xayrullo Bozorov: “Har bir murojaat albatta, yechimini topadi”
17:38 / 2022-06-20

Farg‘ona viloyatida rahbarlarning aholi bilan samarali muloqoti ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, sayyor qabullar davomida har bir murojaat e’tiborga olinmoqda. Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, fuqarolar, tadbirkorlar va yuridik shaxslarni qabul qilib, arzini eshitdi. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan masalalarning aksariyati yechimini topdi.

Qo‘qon shahar “Toshhovuz” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Umida Hasanova “Ayollar daftari” da turadi. Ikki nafar farzandi bilan ijarada yashaydi. Viloyat hokimi bilan bo‘lgan muloqotda imtiyozli uy-joy olishga ko‘maklashish yuzasidan yordam so‘radi va hal etiladigan bo‘ldi.

Farg‘ona shahar “Zarbdor” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi  Zuhra Isroilova turmush o‘rtog‘ining jarrohlik amaliyoti uchun yordam so‘rab murojaat qildi. Viloyat rahbari bepul jarrohlik amaliyotini o‘tkazish bo‘yicha tegishli muassasalarga topshiriq berdi. 

Beshariq tumanidagi “Chorbog‘to‘rong‘i” mahalla fuqarolar yig‘ini Mulkobod qishlog‘idan kelgan Otajon Rahmonov umumiy uzunligi 1,2 kilometr bo‘lgan ichki yo‘llarni asfaltlashda amaliy yordam so‘radi.  Mahalla faolining aytishicha, bu masala bo‘yicha tuman mutasaddilariga bir necha bor murojaat qilgan. Ammo 

–Olti yildan buyon murojaat qilmagan, bormagan eshigim qolmadi, – deydi sakson yoshni qoralab qolgan Otajon ota. – Hammasi va’da beradi, lekin amaliy ishdan darak yo‘q. Viloyatimiz hokimiga taklifim inobatga olinib, ochiq byudjet portaliga joylashtiriladigan bo‘ldi.

[gallery-7637]

Farg‘ona shahar “Surxtepa” mahalla fuqarolar yig‘inidan mehnat faxriysi Ro‘zixon Burxonova mahalla qabristoni atrofini devor bilan o‘rash yuzasidan yordam so‘radi. Fuqaro murojaati bo‘yicha umumiy uzunligi 260 metr bo‘lgan devor qurilishi uchun zarur materiallar ajratish topshirig‘i berildi.

Qabul davomida viloyatning barcha shahar va tumanlaridan kelgan  yuzga  yaqin aholi vakillarining  bandlik, tadbirkorlik, bank krediti olish, uy-joy, moddiy yordam, subsidiyalar ajratish, tabiiy gaz, suv, elektr ta’minoti, tibbiy xizmat, ijtimoiy himoya, mahallalarni obodonlashtirish kabi masalalar yuzasidan murojaatlari ko‘rib chiqildi. Ularning aksariyati joyida ijobiy hal etildi. Yechimi topilmaydigan masala yo‘q. Viloyat hokimi barcha murojaatlar e’tiborsiz qolmasligini ta’kidladi.

 

M. Sulaymonov, 
M. Qodirov (surat), O‘zA