English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xayrli va ezgu amallar bardavom bo‘lsin
16:01 / 2024-07-12

Buxoro viloyati Romitan tumani hokimligi va xayr-saxovatli fermerlar tashabbusi bilan agroklaster va fermer xo‘jaliklari tomonidan qiyin sharoitda yashayotgan oilalarga bug‘doy, somon tarqatilib, ekin ekib dehqonchilik qilish uchun mavsumiy yer maydoni ajratib berilmoqda.

Jumladan, 1-sektorga qarashli “Samosiy” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan Muhammad Boboyi Samosiy ziyoratgohi oldida mahallaning “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”dan o‘rin olgan ehtiyojmand, kam ta’minlangan jami 622 nafar fuqaroga 100 tonna  bug‘doy, shuningdek, 30 ming dona presslangan somon tarqatildi.

Shu bilan birga, bu toifadagi ayrim xonadonlarning mehnatga layoqatli a’zolariga  takroriy ekin ekish, ro‘zg‘or kam-ko‘stini qoplashlari uchun 1 ming 300 gektarga yaqin yer maydoni ajratib berildi. Bu kech kuzda sabzavot-poliz mahsulotlari yetishtirish uchun bir imkoniyatdir.

– Bugun bizning oilamizga ham 160 kilo bug‘doy va 20 dona presslangan somon berilganidan  xursandmiz, – deydi “G‘uncha” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi, “Ayollar daftari”ga kiritilgan Rajabboy G‘oziyeva. – Bu moddiy ko‘mak tufayli o‘zimiz, qolaversa, og‘ilimizdagi qoramolimizni boqish imkoniga egamiz. Bizday muhtojlarga yordamlashib, xayrli va savob ish boshida turganlardan minnatdormiz.

Zarif Komilov,

O‘zA muxbiri