Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xayrli tashabbuslar bardavom bo‘lsin
20:17 / 2023-12-27

Navoiy kon-metallurgiya kombinati ijtimoiy mas’uliyatni zimmasiga olib pensionerlar, yolg‘iz keksalar, kam ta’minlangan oilalar, bolajonlarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Turli bayramlar, jumladan, Yangi yil arafasida kombinat rahbariyati va kasaba uyushmasi Kengashi hamkorligida xayrli ishlar amalga oshirilyapti.

Ijtimoiy masala davlatimiz siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan bo‘lib, barcha sa’y-harakatlar “Avval – inson, keyin – jamiyat va davlat”, degan ezgu g‘oyaga qaratilgan. Yangi O‘zbekistonda ushbu g‘oya ostida kuchli ijtimoiy siyosat olib borilmoqda. Davlatimiz tomonidan xalqimiz farovon hayot kechirishi uchun zarur sharoitlar yaratib berilmoqda. Yurtimizda olib borilayotgan bunday xayrli ishlarda kombinat jamoasi ham faol ishtirok etmoqda. 

– Bizning saxovatli, bag‘rikeng xalqimiz bor. Bu azaliy an’ana hozirgi hayotimizda ham bardavom. Kombinat jamoasi ham ezgu ishlarda birinchilardan bo‘lib ishtirok etmoqda. Pensionerlarimiz, ehtiyojmand yurtdoshlarimiz, mehrga muhtoj bolajonlarimiz holidan doimiy xabar olib, qo‘ldan kelgan yordamini ayamay kelyapti. Bu, hech kim mehr-muruvvatdan chetda emasligi, birdamligimiz namunasidir. Chunki, ahillik va hamjihatlik bor joyda albatta qut-baraka, taraqqiyot bo‘ladi. Shu sababdan barcha xayrli ishlarimiz “Birdamlik bor joyda, ildamlik bor”, degan naqlga hamohangdir. Yurtdoshlarimizdan ko‘ngil so‘rash, yordam qo‘lini cho‘zish insoniylik burchimizdir, – deydi NKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi raisi Isroil Rahmatov. 

Yangi yil arafasida kombinat ma’muriyati, kasaba uyushmasi Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi konchilik va metallurgiya sanoati faxriylari kengashi Navoiy filiali hamkorligida xayrli ishlarni pensionerlar holidan xabar olishdan boshladi. Qutlug‘ ayyom kunlari 1938 nafar pensionerlar xonadonlariga borib, nuroniylarga mehr-muruvvat ko‘rsatdi. Jumladan, 320 nafar pensionerning har biriga 500 ming so‘mdan moddiy yordam, 1600 nafar pensionerga choyshab, 12 nafariga oziq-ovqat jamlanmasi, 3 nafar pensionerga eshitish moslamasi va 3 nafar pensionerga nogironlik aravachasi yetkazib berildi. Bu g‘amxo‘rlikni davom ettirgan holda, kasaba uyushma Kengashining “Birdamlik” fondidan 102 nafar yordamga muhtoj kombinat ishchi-xodimlari va ishlamaydigan pensionerlarga 228 million so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi. 

“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ, “Navoiyuran” davlat korxonasi, “NKMK jamg‘armasi” davlat muassasasida mehnat qilayotgan kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj 2000 nafar pensionerlar, yolg‘iz pensionerlar, ishlab chiqarishda baxtsiz hodisa oqibatida nogiron bo‘lgan hamda kam ta’minlangan ishchi-xodimlarga, shuningdek, oila a’zolari vafot etganlarga bayramona oziq-ovqat mahsulotlari to‘plamlari yetkazildi va moddiy yordam ko‘rsatildi. 

Yangi yil bayrami aziz bolajonlarimiz uchun qiziqarli va quvonchli ekani bilan alohida ahamiyatga ega. Shu munosabat bilan kombinat tomonidan har yili bolajonlarga Yangi yil sovg‘alarini ulashish an’anaga aylangan. Joriy yilda ham ishchi-xodimlarning 1-10 yoshli jajji farzandlari uchun bayram sovg‘alari to‘plami tayyorlandi. Jumladan, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ ishchi-xodimlarining farzandlariga 43,4 mingta, “Navoiyuran” davlat korxonasi ishchi-xodimlarining farzandlariga 7,6 mingta “NKMK jamg‘armasi” davlat muassasasi ishchi-xodimlarining farzandlariga 5 mingdan ortiq sovg‘alar ulashildi. 

Kombinatimiz tomonidan homiylik va xayriya sifatida viloyatimizda joylashgan maktab-internatlari tarbiyalanuvchilari, kam ta’minlangan oilalar, ko‘zi ojizlar, karlar jamiyatlariga 2,4 mingta Yangi yil sovg‘alari yetkazildi. Shuningdek, kombinat madaniyat xodimlari, sportchilari, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti, Nukus konchilik instituti va akademik litsey ishchi-xodimlarining 2,5 ming nafar farzandlari ham bunday e’tibordan chetda qolmadi. 

Kombinat vakillari shu yilning 26 dekabr kuni Qiziltepa tumanidagi 36-ixtisoslashtirilgan maktab-internati Yangi yil bayramida ishtirok etib, 265 nafar bolajonlarga sovg‘a-salomlar topshirildi. 

– Kombinat rahbariyatiga rahmat. Har bayramda bolajonlarimizni e’tiborsiz qoldirmaydi. Mehrga muhtoj jajjilarimizdan ko‘ngil so‘rab turadi. Bugungi tadbirda arbiyalanuvchilarimizga sovg‘alar ulashgani har birining qalbiga cheksiz quvonch bag‘ishladi. Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikdan xursand o‘g‘il-qizlarimizning qanchalik boshi osmonga yetganini bir ko‘rsangiz edi, – deydi maktab-internat direktori Otabek Tilavov. 

Har yili Yangi yil bayrami munosabati bilan bolajonlarimiz uchun bayram tadbirlari, teatrlashtirilgan tomoshalarni tashkil etish an’anaga aylangan. Bu yil ham Navoiy shahridagi “So‘g‘diyona” jismoniy tarbiya va sport majmuasida, qolaversa, Zarafshon, Uchquduq, Nurobod shaharlari, Zarkent, Zafarobod qo‘rg‘onlari, Marjonbuloq shaharchasida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ, “Navoiyuran” davlat korxonasi, “NKMK jamg‘armasi” davlat muassasasida mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar, shuningdek, ushbu hududlarda yashovchi aholining 50 ming nafardan ziyod farzandlari uchun bayram tadbirlari o‘tkazilishi mo‘ljallangan. Ayni paytda joylarda o‘tayotgan bayram tadbirlari jajji o‘g‘il-qizlarimizga bayramona kayfiyat bag‘ishlamoqda. 

Zero, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan, nochor qatlamiga alohida e’tibor qaratish, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj va yolg‘iz keksalar holidan xabar olish, ularni ko‘nglini ko‘tarish, beg‘araz yordam qo‘lini cho‘zish kombinat jamoasining savobli amallaridan biridir. Bu kabi xayrli ishlar, azaliy an’analar bundan keyin ham kombinat ma’muriyati va kasaba uyushmasi Kengashining birinchi darajali vazifasi bo‘lib qolaveradi. 

Abdumajid JO‘RAEV, 

“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ 

Matbuot markazi boshlig‘i.