Jizzax viloyati Paxtakor tumanida respublika ishchi guruhi hamda tuman hokimligi tashabbusi bilan “Ezgulik shiorimiz – ma’rifat qurolimiz” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda tuman sektorlari, yoshlar ishlari agentligi, korxona va tashkilotlar, nodavlat-notijorat tashkilotlar rahbarlari, Yoshlar ittifoqi yetakchilari, faollar ishtirok etdi.
Dastlab tuman markazida “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam” shiori bilan yurish marafoni o‘tkazildi. Ommaviy yurishda aholining barcha qatlami – keksalar, ayollar, yoshlar, korxona-tashkilotlar xodimlari faollik ko‘rsatdi.
Tuman markazidagi Madaniyat markazida “Armiyam – faxrim” shiori ostida harbiy qurol-aslahalar va harbiy texnikalar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Harbiylarning Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlari, qo‘l jangi sahnalari yig‘ilganlar qalbida chuqur taassurot qoldirdi.
Tadbir doirasida tuman axborot-kutubxona markazida 7 ta jamoa ishtirokida tashkil etilgan “Zakovat” va “Yosh kitobxon” intellektual o‘yinlari ham tumanda ko‘plab iqtidorli o‘quvchi-yoshlarni kashf etilishiga xizmat qildi.
[gallery-21787]
Shuningdek, 2-umumta’lim maktabida “Uch avlod uchrashuvi” o‘tkazildi. Tadbirda “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni sohiblari, davlat va jamoat arboblari, turli sohalarda fidokorona mehnat qilib, el-yurt hurmatiga sazovor bo‘lgan nuroniylar hamda faol yoshlar ishtirok etdi.
Samimiy muloqotlarda nuroniylar va o‘rta avlod vakillari o‘z hayotiy tajribasi bilan o‘rtoqlashib, yoshlarga jasorat va matonat haqida tushuntirishlar berdi. Bugungi kunda yoshlarning ta’lim olishi uchun barcha qulayliklar mavjudligi, faqat undan oqilona foydalanib, maqsad sari intilish kerakligi ta’kidlab o‘tildi.
Uchrashuv yakunida mas’ullar hamda faxriylar ishtirokida mustaqil hayotga qadam qo‘yayotgan 14 nafar yoshga fuqarolik pasporti tantanali ravishda topshirildi.
Tadbir davomida tuman sport maktabi tomonidan uyushtirilgan mahalla yoshlari ishtirokidagi stol tennisi, shaxmat, shashka, badminton, armrestling, kurash, kabi musobaqalar barchaning e’tibor markazida bo‘ldi.
Shundan so‘ng, tuman Oila va xotin-qizlar bo‘limi tomonidan “Ayolni e’zozlagan yurt” shiori ostida milliy liboslar ko‘rgazmasi, folklor ansambli jamoasining chiqishlari namoyish etildi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/Ur4v8gBazcw?si=3MrFrPqlZZHaL2Vg" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Jamshid YORBEKOV(surat,video),O‘zA