French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xayrli ishning qanoti bor
14:59 / 2022-10-15

Mamlakatimizda «Inson qadri uchun» ezgu g‘oya hayotiyligini ta’minlash yo‘lida maqtashga arzigulik ishlar amalga oshirilayotir. «Obod mahalla» va «Obod qishloq» dasturlari doirasida eng chekka qishloqlar qiyofasi ham butkul o‘zgarmoqda.

Namangan viloyatining chekka mahallalaridan biri «Uyg‘ursoy»da ham nihoyat «Odamlar ertaga emas, bugun yaxshi yashashi kerak», degan ezgu g‘oya o‘zining amaliy ifodasini topdi. «Obod qishloq», «Obod mahalla» dasturlari ijrosi yo‘lidagi harakatlar endi tom ma’noda uyg‘ursoyliklar hayotini ham yaxshilashga, ertangi kunga bo‘lgan ishonchini oshirishga xizmat qiladigan bo‘ldi.  

Yurtimizda sharoiti eng og‘ir bo‘lgan 1071 mahalla ro‘yxatga olingan bo‘lsa, ularning 54 tasi Namangan viloyati hisobiga to‘g‘ri keladi. Pop tumanidagi «Uyg‘ursoy» esa ana shunday hududlardan biri edi. Mahallada 31 ta ikki qavatli uylar hamda 90 dan ziyod hovlilar bo‘lib, 2 mingdan ortiq aholi yashaydi. O‘tgan asrning 50 yillarida qurilgan bu uylar deyarli kapital ta’mirlanmadi. Odamlar tomidan chakki o‘tishiga o‘rganib ham qolgan edi. 18 kilometr uzoqlikdan tortib kelingan ichimlik suvi quvurlari esa allaqachon chirib bo‘lgandi. Bir kecha-kunduzda atigi bir soat suv berilardi, xolos. Hatto oqova suvi ham yo‘q. Na daraxt ko‘kartirib bo‘lardi, na biron ekin.  

Elektr ta’minotida ham shunga o‘xshash manzara. Qishda loy, yozda chang-to‘zon ko‘tariladigan ichki yo‘llar haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Kanalizatsiya tizimi butkul izdan chiqqan. Aholi tibbiy xizmat uchun tuman yoki viloyat markaziga qatnashga majbur. Maktab va bolalar bog‘chasidagi shart-sharoitlar ham maqtagulik emas. Bir paytlar hashamatli ko‘ringan ikki qavatli Madaniyat uyiga kirishga odam qo‘rqardi. Mahallada uy-joy mulkdorlariga xizmat ko‘rsatuvchi shirkat ham tashkil qilinmagan.  

 «Uyg‘ursoy»liklar qariyb yarim asrdan beri shunday sharoitda yashab keldi. Qilingan yuzlab murojaatlar, shikoyatlar qaysidir rahbarlarning stoli ustida sarg‘ayib qolaverdi. Odamlar yolg‘on va’dalarga ishonib yashadi, umidini so‘ndirmadi.  

 Nihoyat, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga «Milliy tiklanish» demokratik partiyasidan saylangan deputat Abdumalik Akromovning tashabbusi bilan bugun «Uyg‘ursoy» tuman markazidan qolishmaydigan darajadagi shaharchaga aylandi.  

 – Bu masalani hal qilish oson bo‘lmadi, – deydi deputat. – Butkul izdan chiqqan infratuzilmani yaxshilashga ozmuncha mablag‘ ketmaydi. Birgina tuman bilan bu masalani yechish qiyin. Viloyatda esa sharoiti bundanda og‘ir mahallalar bor. Ammo saylovchilarimning umidi, ishonchi menga kuch-quvvat berdi, yo‘l ko‘rsatdi. Avvalo, Pop tumani hokimi A’zamjon Sultonov bilan birga mahallaga kelib, sharoitlarni o‘rgandik, aholi bilan gaplashdik. Mahallada Ichki ishlar vazirligiga qarashli ob’ektlar – jazoni ijro etish muassasasi, harbiy qism ham joylashgan, ikki qavatli uylarda harbiylar oilasi bilan yashar ekan. Shuningdek, madaniyat saroyi, suvoqava tizimi ham vazirlik tasarrufida ekan. Demak, bu masala vazirlikning ishtirokisiz hal bo‘lmaydi.  

 Viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov bilan uchrashib, muammolarni aytdik, takliflarni o‘rtaga tashladik. Xayrli ish hokimga ham ma’qul keldi va albatta, buning uchun mablag‘ ajratishga va’da berdi.  

 Shu yilning yanvar oyida Ichki ishlar vaziriga vakolatim doirasida «Deputat so‘rovi» chiqardim. Vazir ham bu masalani bee’tibor qoldirmadi. Jazoni ijro etish departamenti boshlig‘i R.Tursunov boshchiligidagi guruhni «Uyg‘ursoy»ga jo‘natdi. Viloyat, tuman mutasaddi idoralari rahbarlari hamrohligida shart-sharoitlar o‘rganildi.  

 Xayrli ishning qanoti bor deganlaridek, tez orada ishchi guruhi tuzilib, loyihalar ishlab chiqildi, zarur mablag‘lar ajratildi. Viloyat hokimi shaxsan o‘zi Ichki ishlar vazirligi vakillari bilan mahallaga kelib, shu yilning mart oyida amalga oshiriladigan ishlarni boshlab berdi, — deydi deputat.  

 Darhaqiqat, deputat A.Akromovning xayrli tashabbusi bilan oradan yetti oy o‘tib, mahalladan shaharchaga aylangan «Uyg‘ursoy»ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.  

 «Uyg‘ursoy»da tanib bo‘lmas darajadagi bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Ikki qavatli uylarning barchasi kapital ta’mirlandi. 18 kilometrli suv quvuri almashtirilib, odamlarga kun davomida ichimlik suvini yetkazish yo‘lga qo‘yildi. Yangi elektr to‘sinlar o‘rnatilib, simlar almashtirildi. Ichki yo‘llarga asfalt va beton qoplamalar yotqizildi. Ko‘chalarga tungi chiroqlar o‘rnatildi. Maishiy xizmat xonalari – kichik savdo do‘koni, ayollar va erkaklar sartaroshxonasi, kafe, kompyuter xizmati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, mini futbol stadioni, bolalar o‘yingohi, “workout” maydonchasi, shinam shiyponlar foydalanishga topshirildi. Xarobaga aylangan Madaniyat uyi kapital ta’mirlanib, haqiqiy ma’nodagi «Ma’naviyat va ma’rifat markazi»ga aylantirildi. U yerda kutubxona, o‘quv kurslari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.  

Muhtarama Komilova, O‘zA