Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xayrli ishlar bardavom bo‘lsin
15:12 / 2023-08-21

Tozalik, saranjom-sarishtalik, mehr-saxovat ko‘rsatish xalqimizga xos fazilatlardan. Keyingi yillarda bu qadim an’analarga bo‘lgan e’tibor oshmoqda, yangi tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanyapti. Mustaqilligimizning qutlug‘ 32 yillik bayrami oldidan respublikamiz bo‘ylab quloch yoygan “Mahallalarni obodonlashtirish oyligi” Farg‘ona viloyatida ham ko‘tarinkilik, hamjihatlik bilan o‘tmoqda.

Har bir mahalla hasharlar bilan yanada obod bo‘lib, ko‘rkam qiyofa kasb etmoqda. Ezgu amallarga boy bo‘lgan tadbir Marg‘ilon shahridagi “Ipak yo‘li” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Xo‘ja egiz” qabristonida bo‘lib o‘tdi. Mahalla faollari, nuroniy va yoshlar hamjihatlikda qabriston hududini obodonlashtirish, suv yo‘llarini tozalash, daraxtlarga shakl berish ishlarida faol ishtirok etdi. “Mahalladan xonadongacha” tamoyili asosida bir qator xayr-saxovat ishlari amalga oshirildi. “Qirguli” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qilayotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj Lolaxon Abdullayeva xonadoni ta’mirlab berildi. “Qashqar” mahalla fuqarolar yig‘inidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bor oilalar holidan xabar olinib moddiy-ma’naviy qo‘llab –quvvatlandi.  

– Bizga ko‘rsatilayotgan mehr-e’tibor uchun ming rahmat, – deydi Muxlisaxon Ismoilova. – Shukur, yaxshilar mehr-saxovatini his qilib turibmiz. Bir nafar farzandim bolalikdan nogiron. Mahalla faollari ko‘magi bilan nogironlik aravachasi berishdi. Bizga e’tibor qaratib, izzat-hurmat ko‘rsatayotganlar ko‘p. 

Mustaqil diyorimizda tinchlik, xotirjamlik, dasturxonimiz to‘kinligi abadiy bo‘lsin. Shu mahalladagi Chek ko‘chasida yashayotgan Maqsudaxon Abdurahmonova o‘zgalar parvarishiga muhtoj, 1-guruh nogironi. Oila ijtimoiy himoyaga muhtoj, o‘g‘li ishsiz, kelini uy-yumushlari, farzand tarbiyasidan ortmaydi. Xonadon holidan xabar olgan “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat boshqaruvi tomonidan Maqsudaxon ayaga nogironlik aravachasi, yetti turdagi oziq – ovqat mahsulotlari topshirildi.  

Saxovat tadbirlarida “Mahalla” xayriya jamoat fondi Respublika boshqaruvi raisi Dilshodbek Usmanov ishtirok etdi.  

M.Sulaymonov, O‘zA