Farg‘ona viloyatida O‘zbekiston “Adolat” SDP siyosiy kengashi tomonidan 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan “Bor mehrimiz senga, bolajon!” shiori ostida tashkil etilayotgan beg‘araz donorlik aksiyasi faollik bilan o‘tkazilmoqda. Viloyat qon quyish markazida tibbiy-ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarni qo‘llab-quvvatlash, fuqarolarni ko‘ngilli ravishda qon topshirishga chaqirish orqali bemor bolalarning hayotini saqlab qolish, jamiyatda mehr-oqibat va insonparvarlik g‘oyalarini targ‘ib qilishni maqsad qilgan aksiya ham shunday bo‘ldi. Unda partiyaning Farg‘ona viloyat kengashi faollari, deputatlar, o‘nlab korxona va tashkilotlar, huquqni muhofaza qilish idoralari, bojxona boshqarmasi vakillari hamda oliy va o‘rta maxsus ta’lim dargohlarining fidoiy pedagoglari, ommaviy axborot vositalari vakillari faol ishtirok etdi.
–Toshloqlik bir ayolning farzandi surunkali kasallikka chalingani uchun doimiy donorga muhtoj ekan. Farzandi bemorligi uchun ota ularni arosatda tashlab ketibdi. Shunday nomard insonlar ham oramizda bor, – deydi “Sevimli” telekanalining Farg‘ona viloyatidagi muxbiri Ahror Ziyodov. – Men qon guruhim o‘sha bemor uchun mos kelishidan xursand bo‘ldim. Zarur bo‘lsa, doimo unga donorlik qilib kelishni maqsad qildim. Bu yerga kelgan insonlar bilan suhbatlashar ekanman, ularning ko‘zlaridagi, yuzlaridagi mamnunlik meni hayratga soldi. Xayrli ish bugun yuzlab farg‘onaliklarni bir makonda birlashtiryapti.

Bugungi kunda mamlakatimizda qon va qon mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoj katta. Har kuni minglab insonlar donor qoniga muhtoj bo‘ladi. Afsuski, qonni sun’iy tarzda ishlab chiqarishning imkoni yo‘q. Uning yagona manbai beg‘araz donorlardir. Partiya chorloviga ko‘ra, qon quyish markaziga kelib, tibbiy-ijtimoiy ko‘makka muhtoj bolajonlarimiz uchun donorlik qilish istagida bo‘lgan yuzlab fuqarolar xayrli ishga qo‘l urdi.

– Turmush o‘rtog‘im og‘ir dardga chalingan. 4 nafar norasida go‘daklarim bor. Turmush o‘rtog‘imga zarur qon guruhini izlab ko‘p sarson bo‘lgandim. Bugungi aksiyada Farg‘ona viloyat ichki ishlar organlaridan kelgan Ilhomjon va Azizbeklar biz izlagan donorlar ekanligini eshitib, quvonib ketdim. Yurtimiz tinchligi posbonlari bugun salomatligimiz posboni, oilamiz ko‘makchisi bo‘lishga bajonidil rozi bo‘ldi, – deydi Nuriniso Yodgorova. – Bugungi aksiya tashkilotchilariga katta rahmat. Tadbirda men kabi umid bilan kelgan o‘nlab insonlar najot topganlariga shohid bo‘ldim. Adolat bor joyda najotsiz qolmaysan, deganlari rost ekan.
Partiya tashabbusi bilan o‘tkazilgan xayriya aksiyasi bemor bolajonlar hayotini saqlab qolishga ko‘maklashadi.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri