Muhtojlarga ko‘mak berish, mehr-saxovat ko‘rsatish xalqimizning qon-qoniga singib ketgan fazilati, azaliy va qadim qadriyatlaridan hisoblanadi. Bugungi kunda ham yurtimizda aholi o‘rtasida xalqimizga, dinimizga xos ana shu ezgulik, insoniylik, mehr-oqibat, saxovatlilik fazilatlarini keng targ‘ib etish, mazkur yo‘nalishdagi ishlar ko‘lami va samaradorligini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 apreldagi «Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni asosida tashkil etilgan “Vaqf” xayriya jamoat fondi, xususan, fondning Andijon viloyat filiali tomonidan ham bu borada e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda.
– Fondimiz faoliyatining asosiy yo‘nalishlari yurtdoshlarimiz qalbida saxovat, mehr-oqibat tuyg‘ularini mustahkamlash, ehtiyojmand insonlarga ko‘mak berish, diniy-ma’rifiy sohadagi ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan, – deydi “Vaqf” xayriya jamoat fondi Andijon viloyat filiali rahbari Ergashboy Mamadaliyev. – Shu bilan birga, masjid, madrasa va ziyoratgohlarimizni obod qilish, imom-xatib, noiblar, mudarrislar va talabalarga moddiy-ma’naviy ko‘maklashishdan iborat.
Birgina o‘tgan 2023 yilda filialimiz tomonidan xayriya, zakot, vaqf mulklari, ziyoratgohlar, diniy tashkilotlar va aksiyalar orqali kelib tushgan mablag‘lar hamda homiylar, hamkor tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan ehsonlar hisobidan viloyatdagi 1 ming 407 ta oilaga 2 milliard 869 million so‘mdan ziyod miqdordagi moddiy yordamlar ko‘rsatildi.
Yakunlangan yil davomida fond tomonidan Andijondagi “Sayyid Muxyiddin maxdum” o‘rta maxsus islom bilim yurtiga 3 million 700 ming so‘mlik kitoblar, 17 million so‘mlik aqlli doskalar topshirildi, 4 nafar talabaga 4 million so‘m miqdorida moddiy yordam ko‘rsatildi. Bundan tashqari, viloyatdagi qator masjid va ziyoratgohlarga 5 million 863 ming so‘mlik kitoblar xayriya tariqasida berildi.
Mustaqillik bayrami, yangi o‘quv yili oldidan ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bor 31 nafar o‘quvchi bolaga 15 million 500 ming so‘mlik maktab formasi, sumka va o‘quv qurollari topshirildi. Shuningdek, masjid-madrasalarda xizmat qilayotgan 74 nafar xodimga farzandlariga maktab formasi, sumka va o‘quv qurollari xarid qilishi uchun har birining plastik kartasiga 330 ming so‘mdan, jami 24 million 420 ming so‘m mablag‘ o‘tkazib berildi.
May oyida o‘tkazilgan “Eng yaxshi kitobxon” ko‘rik-tanlovida g‘olib bo‘lgan 13 nafar talabani rag‘batlantirish uchun 13 million so‘m mablag‘ berildi. Shuningdek, “Siz bizga keraksiz!” shiori ostida tashkil etilgan xayriya tadbirlari doirasida eshitish va gapirishda nuqsoni bor 150 nafar fuqaroga 15 million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari xayriya qilindi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj juda ko‘p oilalarga xayriya sifatida ko‘mir va isitish jihozlari, shuningdek, yolg‘iz keksalar, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan fuqarolarga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi. Ko‘makka muhtoj, turli xastaliklar bilan og‘riyotgan ko‘plab kishilarga davolanishi, operatsiyasi uchun zarur mablag‘lar o‘tkazib berildi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi Andijon viloyati filiali tomonidan yuqoridagi kabi xayriya va saxovat ishlari joriy yilda ham reja asosida davom ettiriladi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA muxbiri