Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi
Davlatimiz rahbarining “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida hududlarda ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash ishlari izchil davom etmoqda.
“El-yurtimizning ijtimoiy-ma’naviy hayotida alohida o‘rin tutadigan, insonni ezgu va savob ishlarga da’vat etadigan ushbu oyni munosib tarzda o‘tkazish maqsadida, bu yil ham mamlakatimizda katta tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, mahalla va uy-joylar, masjid va madrasalarni obod qilish, keksa, nogiron va yordamga muhtoj shaxslarning holidan xabar olish, qo‘shnilar, yaqin qarindoshlarga mehr va e’tibor ko‘rsatish, ibodat va iftor marosimlarini tartibli o‘tkazishga xonadon va mahalla ahllari, jamoatchilik vakillari tarafidan alohida ahamiyat berilmoqda” deb ta’kidlagan edi Prezidentimizning Ramazon oyi kirib kelishi munosabati bilan xalqimizga yo‘llagan tabrigida.

Bularning barchasi bebaho boyligimiz bo‘lgan tinchlik-osoyishtalik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini, insonparvarlik tamoyillarini mustahkamlash, yurtimiz taraqqiyoti, aholi farovonligini oshirishga xizmat qilishi tabiiy, albatta. Ramazon oyining ulug‘ fazilatlari, axloqiy-ma’naviy ahamiyati aynan ana shunday oliyjanob ishlarda yaqqol namoyon bo‘ladi, desak, haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Bu eng yaxshi va ezgu amallar, har bir qilgan savobli ishlar ulug‘lanadigan oy. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirlarda Qur’oni karim tilovat qilindi. Bir piyola choy va iftorlik dasturxoni atrofida yaqinlar bir-biri bilan mazmunli va maroqli suhbatlar qilishdi.
Bayram munosabati bilan joylarda tashkil etilayotgan xayriya tadbirlarida vazirliklar, mehnat jamoalari, o‘quv yurtlari hamda deputatlar faol ishtirok etmoqda. Jumladan, O'zLiDePdan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati Qorazbay Yeshbayev Qo‘ng‘irot tumanidagi “Xorazm”, “Qo‘ng‘irot”, “Adabiyot”, “O‘rnak” va “Qiyat” ovul fuqarolar yig‘ini hududlarida istiqomat qilayotgan ehtiyojmand oilalar holidan xabar oldi. Kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi. Deputat aholi bilan muloqot qilib, ularning turmush sharoiti, muammo va takliflarini ham tingladi.

Saxovat va mehr-oqibat oyida amalga oshirilgan bu kabi ezgu ishlar fuqarolar o‘rtasida o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, ehtiyojmand oilalarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik ularning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini yanada oshiradi.
Partiya vakillari tomonidan joylarda olib borilayotgan xayriya tadbirlari aholi manfaatlarini ta’minlash, yurtimiz farovonligini yuksaltirish va ijtimoiy adolat tamoyillarini qaror toptirish yo‘lidagi amaliy sa’y-harakatlarning yorqin ifodasidir.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.