Qoraqalpog‘iston san’at saroyida “Mehr quyoshidan baxt topgan insonman” hamda “Har bir bola Yangi O‘zbekiston e’tiborida” nomli xayriya konserti tashkil etildi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari R.Nurazizov, Ijtimoiy himoya milliy agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i S.Daniyarov mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonloma qo‘llab-quvvatlash, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, davlat tomonidan fuqarolarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish ko‘lami va turlarini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtaldi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 1 iyundagi “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi, shuningdek, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari, shahar hamda tumanlarda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tashkil etildi.
[gallery-14878]
Ijtimoiy himoya milliy agentligining asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan biri nogironlikni baholash va aniqlashning tibbiy modelidan ijtimoiy modeliga bosqichma-bosqich o‘tish, nogironligi bo‘lgan shaxslarni yuqori sifatli protez-ortopediya mahsulotlari va reabilitatsiyaning texnik vositalari bilan ta’minlash, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy qilishdan iborat. Shuningdek, jamiyatda ijtimoiy moslashuv va integratsiya uchun sharoit yaratish, bandligini ta’minlashga ko‘maklashish, nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan jamiyat ongida sog‘lom fikrni shakllantirish, ularning mustaqil hayot kechirishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishdir.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/5aGNsk3kZmI" title="Xayriya konserti" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>
Bayramona konsert dasturida taniqli san’atkorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar ko‘ngillarni xushnud etdi. Tadbir davomida nogironligi bo‘lgan bolalarga homiylar tomonidan sovg‘alar ulashildi.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad nogironligi bo‘lgan shaxslarning ko‘nglini ko‘tarish hamda ularning jamiyatning ajralmas va e’tiborga loyiq qismi ekanligini ko‘rsatib berishdan iborat. Zero, bugun har bir bola Yangi O‘zbekiston e’tiboridadir.
Dovud Abibullayev,
Maqsad Habibullayev(surat), O‘zA