O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida yangi kitob
Taniqli yozuvchi, Xalq ta’limi a’lochisi Xayriddin Begmatovning Hazrat Sohibqiron Amir Temurning shonli hayotiga bag‘ishlangan trilogiyasining ikkinchi kitobi – “Temurbek jahongir” nomli romani O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida nashrdan chiqdi.
Muallifning ushbu asari Buyuk Sohibqiron Amir Temur bobomizga bag‘ishlangan uch kitobdan iborat romanning ikkinchisi.
Birinchi romani – “Temurbek Turkiston amiri”da Sohibqironning buyuk sarkarda sifatida shakllanish yillari, mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi olib borgan kurashlari va Turkiston amiri sifatida ulkan va qudratli davlatga asos solgani hikoya qilingan bo‘lsa, “Temurbek jahongir”da buyuk fotihning Afg‘oniston, Eron, Iroq tomonlarga qilgan g‘olibona yurishlari badiiy bo‘yoqlarda aks etgan.
Adib ushbu kitob so‘zboshisida: “Turkiston amiri jahongirlik ostonasiga qadam qo‘ydi. Bu u o‘z g‘olib tug‘rosida qayd etilganidek, Abulmuzaffar Amir Temur Ko‘ragon bahodurxonning baxti edimi yoki baxtsizligi? Biror odam qudratli bo‘lsa-yu, boshqalarga o‘z kuchini ko‘rsatib qo‘yishga intilsa, bu uning qusrimi yo fazilati?
Odamzot qonida o‘zgalar ustidan hukmronlikka intilish bor narsa. Xuddi shunday, zo‘rlik-u istibdodga ko‘nika olmaslik xislati ham bor. Bu ikki qutb orasida tarozi muvozanati qayerda?”...
Muallif trilogiyaning ikkinchi kitobi – “Temurbek jahongir” romanida ana shu oltin o‘rtalikni ustalik bilan tasvirlaydi va ko‘z o‘ngimizda buyuk bobokalonimiz Hazrat Amir Temurning jahongirlik siymosi gavdalanadi.
Xayriddin Begmatovning “Temurbek Turkiston amiri”, “Temurbek jahongir” romanlari va trilogiyaning uchinchi kitobi “Temurbek. Tor dunyo” nomli uchinchi kitobi ham sizni buyuk Amir Temur shaxsiyati va saltanati tarixi bilan tanishtirishga xizmat qilgusi.
Hazrat Sohibqiron Amir Temur bosib o‘tgan shonli yo‘lga bag‘ishlangan ushbu tarixiy asarni, albatta, o‘qing.
A.Narzulloyev, O‘zA