Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“XAYP” VA HAQIQAT: Musibatdan manfaat izlamaylik
11:54 / 2025-07-12

Munosabat

Bir necha kun avval Urganch shahrida yuz bergan ko‘ngilsiz holat ijtimoiy tarmoqlarni larzaga keltirdi. Voyaga yetmagan 15-16 yoshli qizlar ko‘p qavatli uy tomidan o‘zlarini tashlab, halok bo‘ldi.

Aslida ushbu holat jamiyatimiz uchun favqulodda fojiadir. Ikki navniholning katta hayotga kirib kelmay turib nobud bo‘lishi har birimizning oldimizga qator savollar qo‘yadi. Xabarlardan oydinlanishicha, qizlar o‘z joniga qasd qilgan. Bino esa hali to‘liq bitmay, xavfsizlik talablariga to‘la javob bermay turib, foydalanishga topshirilgan…

Ikki qizning ruhiy holati shu darajaga yetguniga qadar nahot hech kim e’tibor qaratmadi? Mahalla tizimida ishlayotgan xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi ularning muammolari bilan qiziqqanmidi? Albatta, fojianing kelib chiqishi sabablari, bunga aybdor bo‘lganlar aniqlanadi. Ammo ushbu voqea atrofida kechayotgan turli-gap so‘zlar kishini o‘yga toldiradi.

Jamiyatimizda so‘nggi vaqtlarda virtual xaypga berilish, obunachi to‘plashga zo‘r berish, laykbozlik kabi illatlar tobora avj olayotgani, afsuski, achchiq haqiqat. Yuqoridagi holatda ham masalaning asosiy mohiyati qolib, turli taxminlar bilan nobud bo‘lgan qizlar sha’nini tahqirlash ko‘zga tashlanmoqda. Har kim o‘zi bilganicha masalani bo‘rttirib, obunachilariga taqdim etayotgani, ammo hech kim marhumalar kimningdir 15-16 yil umid bilan katta qilgan farzandi bo‘lganini o‘ylamasligi eng og‘riqli jihat, bizningcha.  

Bildirilayotgan salbiy fikrlar, avvalo, bilib-bilmay ularning ruhiga qilingan tuhmat bo‘lsa, ikkinchi tomondan ota-onasi, yaqinlarining musibatini ikki karra oshirishdir. Axir, qachondan beri birovlar boshiga tushgan kulfatdan foydalanadigan bo‘ldik?  

Masalaning yana bir jihati bor. Afsuski, fojia yuz berdi. Ijtimoiy tarmoqlarda voqea jarayonining videolavhalarigacha tarqalib ulgurdi. Oradan kunlar o‘tmoqda. Ammo mahalliy huquqni muhofaza qiluvchi organlardan hanuzgacha asoslantirilgan, rasmiy munosabat bildirilmadi.  

Axborotlashgan jamiyatning qonuniyati shunday. Haqqoniy axborot berilmas ekan, bo‘shliqni, albatta, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan, feyk xabarlar to‘ldiradi. Ijtimoiy tarmoqlarda dilni xira qiladigan mulohazalar to‘lib-toshayotganining sabablaridan biri ham shu.  

Shunday vaziyatlarda birinchi manba sifatida mas’ul vakolatli organlarning axborot xizmatlari tomonidan tezkor munosabat berilishi nihoyatda muhim.

Bu, avvalo, jamoatchilik orasida noto‘g‘ri axborot tarqalishining oldini oladi. Ikkinchidan, kimningdir sha’ni, qadr-qimmati va huquqlari buzilishidan himoya qiladi hamda jamiyatda adolat tamoyillarini ta’minlashga xizmat qiladi.

Robaxon Mahmudova,

“Adolat” SDP raisi

O‘zA