Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xavotirga oʻrin yoʻq
17:20 / 2020-03-21

Koronavirus kasalligi tarqalishini oldini olish maqsadida Andijonda ham taʼlim muassasalari faoliyati, ommaviy tadbirlar oʻtkazilishi vaqtincha toʻxtatildi.


Koronavirus kasalligi tarqalishini oldini olish maqsadida Andijonda ham taʼlim muassasalari faoliyati, ommaviy tadbirlar oʻtkazilishi vaqtincha toʻxtatildi. Lekin ishlab chiqarish korxonalari, tashkilot, muassasalar, bozorlar savdo majmualari, doʻkonlar, jamoat transporti bir maromda ishlamoqda. “Bozorlarda oziq-ovqat narxlari keskin ortib ketdi” kabi mish-mishlar mutlaqo asossiz.

Fuqarolarimizning tahlikaga tushishiga hojat yoʻq. Chunki kasallikka qarshi kurashish, uning keng tarqalmasligi va oldini olish uchun boʻyicha yurtimizda, xususan, Andijon viloyati mutasaddi idoralari tomonidan barcha zarur choralar koʻrilmoqda, tibbiyot muassasalari bir maromda ishlamoqda.

Bu kasallikni yengib oʻtish uchun eng avvalo, shaxsiy gigena qoidalariga eʼtibor berib, tegishli himoya vositalaridan toʻgʻri foydalanish va boshqa zaruriy ehtiyot choralarini koʻrish, kasallikning oldini olish boʻyicha tibbiyot xodimlarining tavsiyalariga qatʼiy amal qilish orqali oʻzimiz hamda yaqinlarimizni koronavirus infeksiyasidan himoyalashimiz mumkinligi toʻgʻrisida tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Bugun viloyatdagi barcha bozorlar, savdo doʻkonlari bir maromda ishlamoqda, narx-navoning oshishiga yoʻl qoʻyilmayapti. Hokimliklar, soliq va boshqa mutasaddi idoralar vakillari, deputatlar tomonidan tadbirkor va savdogarlar bilan suhbatlar oʻtkazilib, narx-navoning asossiz oshirilishiga yoʻl qoʻymaslik, aholini vahimaga soluvchi mish-mishlar tarqalishining oldini olish boʻyicha targʻibot va tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Prokuratura, soliq boshqarmasi xodimlari bozorlar, savdo majmualariga biriktirilgan. Har soatda bozorlar va savdo majmualaridagi holat, narx-navo boʻyicha axborot olinishi yoʻlga qoʻyilib, sunʼiy narx oshirilishiga yoʻl qoʻymaslik qatʼiy nazoratga olingan. Tadbirkor va savdogarlardan un, yogʻ va boshqa asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxini oshirmaslik yuzasidan yakka tartibda tushuntirish ishlari olib borilgan.

Koronavirus infeksiyasiga chalinmaslik, uning tarqalishini oldini olish boʻyicha aholining bilim va tushunchalarini boyitish, shuningdek, asossiz, yolgʻon, insonlarni sarosimaga soluvchi maʼlumotlar, turli mish-mishlar tarqalishining oldini olish boʻyicha viloyatdagi 882 ta mahallaning har birida mahalla raisi, mutaxassisi, otinoyi hamda mahalla faollaridan iborat Ishchi guruhlari tuzildi. Guruh aʼzolari tomonidan zarur chora-tadbirlar belgilanib, amaliy ishlar olib borilmoqda.

Andijon viloyati hokimligi tashabbusi bilan bozorlar, aholi zich yashaydigan va chekka mahalla guzarlarida yarmarkalar tashkil etilib, arzon narxlarda oziq-ovqat mahsulotlari sotilishi yoʻlga qoʻyildi. Bundan tashqari, viloyat hududiga koronavirus kasalligi aniqlangan, xavf darajasi yuqori boʻlgan davlatlardan kirib kelayotgan fuqarolar tibbiy nazoratdan oʻtkazilib, oʻz uylarida tegishli tartibda nazoratga olinmoqda. Infeksiya tarqagan xorijiy davlatlardan qaytgan fuqarolar va ularning oila aʼzolariga patronaj hamshiralari, shifokorlar biriktirilgan boʻlib, belgilangan tartibda ularga tushuntirish va tavsiyalar berilmoqda.

Keng jamoatchilik vakillari, deputatlar ishtirokida koronavirus infeksiyasi boʻyicha aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini taʼminlash borasida davlat organlari mansabdor shaxslarining axboroti yuzasidan jamoatchilik eshituvi oʻtkazildi. Unda mutasaddi tashkilotlar vakillari koronavirus infeksiyasi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha xalqaro tibbiy sanitariya talablari asosida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida keng maʼlumotlar berdi. Bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirish, samarali tashkil etish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqildi.

Viloyatdagi “Doʻstlik” va “Madaniyat” chegara bojxona postlari orqali chet el fuqarolarining respublikamiz hududidan chiqib ketishlari va Oʻzbekiston fuqarolarining yurtimizga kirishlari uchun zarur sharoitlar yaratilgan.

Bir soʻz bilan aytganda, Andijonda virus kelib chiqishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha zarur barcha choralar koʻrilmoqda. Unutmaylikki, vahima qilish bilan kasallik chekinib qolmaydi. Shu bois, bu borada qatʼiy reja asosida ishlarni tizimli tashkil etish va targʻibot-tushuntirish ishlari olib borish kutilgan natijalarni beradi.

Manzuraxon YUNUSOVA,
Andijon viloyat hokimining oʻrinbosari,
Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻi