Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xavfsizlik tizimi samarasi muhokama etildi
22:38 / 2025-10-31

Andijonda bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari viloyat Kengashining 14-sessiyasida prokuratura organlarining joriy yilning 9 oyidagi faoliyati ko‘rib chiqildi. Yig‘ilishda jinoyatchilikning oldini olish, huquqbuzarliklarni kamaytirish va qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar muhokama etildi.

Sessiyada Andijon viloyati prokurori M. Abduxakimovning qonun ustuvorligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va fuqarolar xavfsizligini mustahkamlash borasidagi axboroti tinglandi.

Ta’kidlanishicha, joriy yilda hududlarda xavfsizlik tizimini kuchaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilgan. Xususan, 8 ming 857 ta kuzatuv kamerasi, 2 ming 903 ta domofon va 569 ta “tashvish tugmasi” o‘rnatilgan. Shuningdek, 1 ming 402 ta “xavfsiz ko‘cha” hamda 2 ming 891 ta “xavfsiz yo‘lak”lar tashkil etilgan.

Bu choralar natijasida 522 ta mahallada umuman jinoyat sodir etilmagan, 285 ta mahallada barqarorlik saqlangan. 3 yil davomida “qizil” toifadan chiqmagan 43 ta mahallaning 25 tasi, og‘ir toifada bo‘lgan 97 mahallaning 82 tasi mazkur toifadan chiqarilgani profilaktika ishlarining samaradorligidan dalolat beradi.

Shu bilan birga, sohalarda maishiy korrupsiya holatlariga chek qo‘yilishi natijasida byudjet mablag‘lari tejaldi, pul tushumlari oshdi va ortiqcha xarajatlar oldi olindi.

Sessiya yakunida muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, ijroga yo‘naltirildi.

Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA muxbiri