Ishlab chiqarish korxonalarida xavfsizlik texnikasiga rioya qilish – muvaffaqiyat va salomatlik omili hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan kelib chiqqan holda, ayni kunlarda “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi korxonalarda “Xavfsizlik texnikasi ko‘rigi oyligi” uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda.
Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida joylashgan “To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi” korxonasining barcha sexlari va ishlab chiqarish bo‘limlari boshliqlari, ularning o‘rinbosarlari va boshqa mas’ul xodimlari ishtirokida chora-tadbirlar rejasiga muvofiq o‘tkazilgan navbatdagi tadbir ayni shu oylik doirasida ko‘zda tutilgan maqsad-vazifalarni amalga oshirishga qaratildi.

Unda stansiyaning mustahkamlik va xavfsizlik texnikasi xizmati rahbari tomonidan taqdimot shaklida amaliy trening tashkil etildi.
Interfaol tarzda kechgan amaliy-treningda sexlar tomonidan so‘nggi oylar ichida rasmiylashtirilgan va ishlar bajarilgan bir qator naryadlar stansiya mutaxassislari va mas’ul xodimlari ishtirokida atroflicha tahlil qilinib, ularda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar hamda ularni bartaraf qilish yo‘llari ko‘rsatib o‘tildi.

– Stansiyamizda mehnat, ishlab chiqarish va texnologik intizomga qat’iy rioya etilishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratiladi, – deydi “To‘raqo‘rg‘on IES” korxonasining mustahkamlik va xavfsizlik texnikasi xizmati boshlig‘i Abdurasul Moyliyev. – Shu orqali xavfsiz ish sharoitlarini yaratish, ish jarayonida baxtsiz hodisalar va jarohatlarning oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rish, xodimlarning kasbiy malakalari va ko‘nikmalarini yanada oshirish bir oy davom etadigan ko‘rikning bosh maqsadidir.
Stansiyada oylik doirasidagi tadbirlar tasdiqlangan reja asosida davom etmoqda.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA muxbiri