English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xavfsizlik talablariga amal qilish masalasi ko‘rildi
14:50 / 2025-05-26

Yoz fasli kirib kelishi bilan jazirama issiq kunlarda soy, kanal va boshqa suv havzalarida cho‘milishga bo‘lgan ehtiyojlar ortishi tabiiy. Bu holatda xavfsizlik talablariga rioya etish muhim o‘rin tutadi.

Namanganda viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi bilan tashkil etilgan o‘quv-amaliy seminarda aholi orasida suv havzalaridagi noxush holatlarning oldini olish, kichik hajmli kemalardan xavfsiz foydalanishni ta’minlashga qaratilgan mavzuga bag‘ishlandi. 

To‘raqo‘rg‘on tumani Gulqishloq mahallasi hududida joylashgan “Sohil bo‘yi” dam olish maskanida tashkil etilgan mazkur tadbirda viloyat, shahar va tuman favqulodda vaziyatlar tizimi xodimlari kuch-vosita jihozlari bilan ishtirok etdi. 

Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari – shtab rahbari, polkovnik Akmaljon O‘rinboyevning ma’lum qilishicha, Namangan jo‘g‘rofik joylashuvi holatiga ko‘ra, daryolar, ko‘llar va turli sun’iy havzalarga boy bo‘lib, ov hamda baliqchilikka talab juda katta. Ko‘pincha, ichki suv yo‘llarida harakatlanish tadbirlari uchun turli xil texnologik amaliyotlarni bajarish, qutqaruv va boshqa ishlarni olib borishga zaruriyat vujudga keladi. Ba’zan fuqarolarning ehtiyotsizlik bilan izn berilmagan ochiq suv havzalarida xavfsizlik qoidalariga zid ravishda cho‘milish va kichik hajmli kemalarni boshqarish vaqtida cho‘kish bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlar soni ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda. 

O‘tgan 2024 yil davomida Namangan viloyati hududi bo‘yicha cho‘kish bilan bog‘liq 19 ta baxtsiz hodisa yuz bergan. Achinarlisi shundaki, cho‘kkan kishilarning 13 nafari voyaga yetmaganlarni tashkil etdi. “Favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha dolzarb 30 kun” doirasida tashkil etilgan tadbirga taklif qilingan jurnalistlar va blogerlarga hamda maskanga kelgan dam oluvchi fuqarolarga yozgi cho‘milish mavsumda aholi xavfsizligini ta’minlash, qo‘riqlanmaydigan suv havzalarida cho‘milishga yo‘l quymaslik, suv havzalarining sanitariya va epidemiologik holati hamda viloyat hududidan oqib o‘tgan daryo, soy va kanallarda doimiy cho‘milish odat bo‘lib qolgan joylarni o‘rganib chiqish masalalarida tushunchalar berildi. 

Bundan tashqari, viloyat hududida faoliyat olib borayotgan kichik hajmli kemalarni viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasining ro‘yxati va texnik ko‘rigidan o‘tkazish, kemalardan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya etish kabi talablar xususida batafsil to‘xtalib o‘tildi. Seminar qatnashchilariga ko‘rgazmali amaliy mashg‘ulotlar jarayonida suvda cho‘kayotgan fuqaroni qutqarish va jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish qoidalari tushuntirildi. 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA