Mamlakatimizda barcha sohalarda qonun ustuvorligini ta’minlash, xavfsizlikni mustahkamlash va aholi farovonligiga xizmat qiluvchi infratuzilmalarni tartibga solish yuzasidan tizimli ishlar olib borilmoqda.
Ushbu jarayonda Prezidentimiz tashabbuslari hamda hukumat qarorlari muhim amaliy yo‘nalish sifatida xizmat qilmoqda.

Shu jihatdan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yildagi farmoyishi ijrosini ta’minlash maqsadida Jizzax viloyatida yo‘lga qo‘yilgan ishlar ham ahamiyatli bosqich hisoblanadi. Mazkur farmoyish asosida viloyatdagi yoqilg‘i hamda gaz quyish shoxobchalarida yong‘in xavfsizligi, mehnat muhofazasi va shaharsozlik talablariga rioya etilishi yuzasidan keng ko‘lamli xatlov ishlari amalga oshirilmoqda.
Ayni tadbirlar doirasida Jizzax viloyati hokimligida Respublika ishchi guruhi rahbari boshchiligida tahliliy va tanqidiy ruhda yig‘ilish o‘tkazildi. Yig‘ilishda aniqlangan kamchiliklar – jumladan, xavfsizlik talablariga zid holatlar, yong‘in xavfsizligi, mehnat muhofazasi hamda shaharsozlik qoidalariga rioya etilmayotgani keskin tanqid ostiga olindi. Mas’ul idoralar tomonidan nazorat yetarlicha ta’minlanmayotgani alohida qayd etildi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, mavjud muammolarni zudlik bilan bartaraf etish, tahlilga asoslangan tizimli yondashuvni yo‘lga qo‘yish, nazorat tadbirlarini kuchaytirish va mas’ul tashkilotlar faoliyatini qayta ko‘rib chiqish dolzarb vazifa etib belgilab olindi.
Shu orqali nafaqat xavfsizlik talablarini ta’minlash, balki aholi uchun qulay va ishonchli muhit yaratish, sohaga oid davlat siyosatini to‘liq amalga oshirish maqsad qilinmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, mamlakatimizda qonuniylikni ta’minlash va fuqarolarning turmush sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishga xizmat qiladi.
A. Qayumov, O‘zA muxbiri