Sirdaryo viloyatida ichki ishlar organlarining qo‘riqlash xizmati xodimlari uchun mukammal tibbiy ko‘rik o‘tkazildi. Tadbir Sirdaryo viloyati IIB Davolash-profilaktika muassasasida tashkil etildi.
Ko‘rikning asosiy maqsadi — xizmat faoliyatini amalga oshirayotgan xodimlar sog‘lig‘ini nazorat qilish, mavjud kasalliklarni erta bosqichda aniqlash hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishdan iborat bo‘ldi. Mutaxassislar tomonidan umumiy salomatlik holati, yurak-qon tomir tizimi, qon bosimi, ko‘z, teri, asab tizimi va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha to‘liq tekshiruvlar amalga oshirildi.

– Bunday tibbiy ko‘riklar xodimlar salomatligini muhofaza qilish, ularni kasbiy faoliyatga tayyor holda ushlab turish, kasalliklarni o‘z vaqtida aniqlash va oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu galgi ko‘rikda 280 nafardan ortiq xodim tekshiruvdan o‘tdi. Har bir xodimga individual xulosalar tayyorlanib, davolanish va profilaktikaga oid aniq tavsiyalar berildi, – deydi Sirdaryo viloyati IIB Davolash-profilaktika muassasasi tibbiyot bo‘limi bosh shifokori Furqat Aslonov.


Ta’kidlash joizki, tadbir doirasida tibbiy madaniyat va shaxsiy gigiyenaga oid tushuntirish ishlari ham olib borildi. Xodimlarga sog‘lig‘iga mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lish, stress va asabiy zo‘riqishni kamaytirish, jismoniy faollikni oshirish bo‘yicha amaliy maslahatlar berildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri