Sirdaryo viloyatining Guliston tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatda “Xavfsizlik oyligi” doirasida keng ko‘lamli amaliy mashqlar tashkil etildi.
Unda o‘quvchilar va ishchi-xizmatchilar favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish, aholini evakuatsiya qilish hamda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash imkoniga ega bo‘ldilar.

Tadbir Maktab-internatning Mehnat muhofazasi, xavfsizlik texnikasi va atrof muhitni muhofaza qilish bo‘limi, "Ishonch" MFY inspektori hamda Guliston tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi hamkorligida tashkil etildi. Amaliy mashqlar davomida o‘quvchilar va xodimlar uchun turli texnikalar namoyishi ham o‘tkazildi.

– Bunday tadbirlar bolalar va xodimlarning xavfsizlik madaniyatini rivojlantirishga xizmat qiladi. Har bir kishi o‘zini va atrofdagilarni himoya qilishni bilishi, favqulodda vaziyatlarda tez va to‘g‘ri harakat qila olishi muhim. Bu – faqat bilim emas, hayotiy ko‘nikma hamdir, – deydi maktab direktori G‘olibjon Bozorov.

Mashqlar so‘nggida ishchi-xodimlarga sanoat va yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilish, is gazi va dudburonlarni qish mavsumiga tayyorligini tekshirish zarurligi yana bir bor eslatildi.

Maktab-internatda “Xavfsizlik oyligi” doirasida amaliy mashqlar va targ‘ibot tadbirlarini davom ettirish rejalashtirilgan. Ushbu mashqlar nafaqat bilimni, balki mas’uliyat va tezkor fikrlashni ham rivojlantirishga xizmat qiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA