Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xavfsizlik kamari – hayot garovi
16:02 / 2023-12-12

Ba’zan kutilmagan chiqim ham cho‘ntakka yaxshigina zarar yetkazadi. Ayniqsa, arzimagan e’tiborsizlik bilan yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarlik ortidan jarima qog‘ozi uyingizga kelib turganda. Endilikda haydovchilar mashina boshqaruvida yanada ehtiyotkor bo‘lishiga to‘g‘ri keladi. Chunki radarlarda kamarlar qayd etila boshlandi.

Butun dunyoda xavfsizlik kamariga haydovchini noxush avtohalokatlar chog‘ida hayotini saqlab qoluvchi birinchi navbatdagi omil sifatida qaraladi. Aslida ham xavfsizlik kamari nafaqat haydovchi balki avtomashinadagi yo‘lovchilarning ham harakat jarayonida xavfsizligini, to‘qnashuv sodir bo‘lganda hayotini saqlab qoladi. Buni haydovchilar yaxshi biladi. Biroq, ayrim haydovchilar bu qoidani o‘zlari uchun kamsitish sanaydimi, yoki kamar taqishga shunchaki erinadimi, xullas unga amal qilmaydi. Ammo, yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risidagi qonunda harakat chog‘ida xavfsizlik kamaridan foydalanmaslik uchun ham jazo chorasi belgilangan.  

Buxoroda aksariyat radarlar endilikda haydovchilarning xavfsizlik kamaridan foydalanmaslik odatini ham tartibga soladigan bo‘ldi. Negaki, sinov o‘rganishlari haydovchilarning katta qismi kamarni taqmay yurishini ko‘rsatdi.  

–Endilikda foto va video qayd etuvchi tezlikni o‘lchash moslamalari tezlikni o‘lchash bilan bir qatorda xavfsizlik kamarini taqmaganlik holatlarini ham qayd etib boradi, – deydi Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Jamoat xavfsizligi xizmati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi Axborot guruhi katta inspektori, kapitan Ulug‘bek Shukurlayev. – Birgina, xavfsizlik kamarini taqmaslik holatini o‘rganish maqsadida mazkur moslamani yoqqanimizda 15 daqiqani ichida 300 dan ortiq holatlar qayd etildi. Haydovchilardan harakatni boshlashdan oldin xavfsizlik kamarini taqishlarini aks holda har qanday harakat davomida xavfsizlik kamarini taqmasdan harakatlanganlik bu jarimaga sabab bo‘lishi mumkin.  

Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan ayni chog‘da hududlarda dolzarb 40 kunlik maxsus profilaktik tadbirlar doirasida innovatsion texnologiyalardan foydalanib Buxoro viloyatida mavjud foto va video radar qurilmalari bir vaqtning o‘zida haydovchilarning transport vositasini boshqarish vaqtida xavfsizlik kamaridan foydalanmasdan harakatlanish holatini ham qayd etib borishga moslashtirildi.  

Ta’kidlash lozim, mavjud qoidalarga amal qilish nafaqat bizni ortiqcha sarf-xarajatdan saqlaydi. Balki o‘zimiz va atrofimizdagilar hayoti hamda sog‘ligini asrashda muhim omil sanaladi. Shunday ekan, yo‘llarimizda kun sayin ortib borayotgan avtomashinalar bilan bog‘liq ko‘ngilsizliklarning oldini olishda barchamiz birdek mas’ul ekanimizni unutmaylik. Har doim avtomashinani boshqarishdan oldin xavfsizlik kamarini taqishni unutmaylik. Zero, xavfsizlik kamari – hayot garovidir.  

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.