Rossiya – Ukraina
Buyuk Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon suhbati chog‘ida Qirollikning Kiyevga bundan keyingi harbiy yordamlari rejasi to‘g‘risida gapirib berdi. Bu haqda hukumat matbuot xizmati xabar berdi.
“Bosh vazir yaqin kunlarda Fransiya, AQSH va Avstraliya davlatlari hamkasblari va boshqa ittifoqdoshlari bilan suhbatda Ukrainaga zarur bo‘lgan barcha harbiy ko‘maklar yuzasidan hamkorlik qilayotgani to‘g‘risida ma’lum qilgan”, deyiladi hujjatda.
Ukraina atrofidagi ziddiyat Yevropa kengashining 23-24 martda o‘tadigan yig‘ilishining markaziy mavzui bo‘ladi, dedi Germaniya kansleri Olaf Shols.
“Handelsblatt” gazetasining xabariga ko‘ra, “keyingi paytlarda Ukrainaga xavfsizlik kafolati to‘g‘risidagi masalalar keng muhokama qilinmoqda. Ammo uni mojaro tugaganidan keyin ham berish kerak”, degan Germaniya hukumati raisi.
Qo‘shma Shtatlar Ukrainada otashkesinni to‘xtatishga qarshi chiqmoqda va Xitoy taklif qilgan inqirozni hal etish rejasini rad etadi, dedi Oq uy Milliy xavfsizlik kengashidagi strategik kommunikatsiyalar bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi Jon Kirbi.
Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba xitoylik hamkasbi Sin Gan bilan “hududiy yaxlitlik tamoyillari” va ziddiyatni tinch yo‘l bilan hal qilish masalalarini muhokama qilgan. Bu haqda u ijtimoiy tarmoqlardagi o‘z sahifasida yozib chiqqan.
Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an Rossiya hamda Ukraina yetakchilari Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiylar bilan muzokaralar tashkil etish bo‘yicha sa’y-harakatlarini davom ettirishini aytib o‘tdi.
AQSH va Britaniya Ukrainaga ming dona o‘q-dori berishga hozirlik ko‘rmoqda. Bu haqda Qo‘shma Shtatlar Mudofaa vazirligidagi manbaga tayanib, “The New York Times” gazetasi ma’lum qildi.
Davlat kotibi Entoni Blinkenning tasdiqlashicha, Ukraina atrofidagi ziddiyatni tinch yo‘l bilan hal etishda Rossiya bilan muloqotdan ko‘ra, Kiyevga qurol-aslaha va harbiy texnika yetkazib berishni davom ettiradi.
MAGATE Bosh direktori Rafael Grossi Bryusselda Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel bilan ko‘rishib, Ukrainadagi vaziyat va yadro qurolining tarqatmaslik masalalarini muhokama qilgan.
Kiyev Zelenskiyning Xitoy yetakchisi Si Szinpin bilan telefon aloqasi tashkil etish bo‘yicha Pekin bilan muloqotlarini davom ettirmoqda. Bu haqda prezident devoni rahbari Mixail Podolyak "Rada" telekanaliga suhbat chog‘ida aytgan.
Vengriya Tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyyartoning bayonotiga ko‘ra, mamlakatining Ukraina atrofidagi ziddiyat dunyoda yangi siyosiy va iqtisodiy bloklarning yangi qarama-qarshiligini keltirib chiqarishidan xavotirga tushmoqda.
“Yevropada quruq safsatalardan ko‘ra, tinchlik uchun safarbarlikni oshirishlari lozim”.
Amerika davlati ma’muriyatining vakillari may oyiga kelib Ukrainada keskinlik oshib ketishi mumkinligini taxmin qilishmoqda. “Politico” gazetasining o‘z manbalariga tayanib ma’lum qilishicha, bu davrga kelib Xersondan Qrim va Azov dengizi yo‘nalishlarida harakatlar kuchayadi.
Nashrning qo‘shimcha qilishicha, bir yil davomida oralarida tajribali ofitser va askarlar bo‘lgan yuz mingdan ortiq ukrainalik harbiylar vafot etgan.
Abror XON,
O‘zA