Munosabat
Tinchlik — o‘z-o‘zidan kelib qoladigan ne’mat emas. U har kuni, har soat, har bir mahallada tizimli mehnat, qat’iyat va mas’uliyat bilan ta’minlanadi. Aynan shu haqiqat Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish va jamoat xavfsizligini samarali ta’minlash masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ochiq, qat’iy va raqamlar asosida o‘rtaga qo‘yildi.
Davlatimiz rahbari poytaxt so‘nggi yillarda mamlakatning iqtisodiy, moliyaviy va ijtimoiy “lokomotivi”ga aylanganini ta’kidlar ekan, bir muhim qonuniyatga e’tibor qaratdi: qayerda rivojlanish va daromad o‘ssa, o‘sha yerda jinoyatchilikning ham yangi usullari, eng avvalo, paydo bo‘ladi. Bu tabiiy jarayon. Ammo tabiiy bo‘lmagan holat huquq-tartibot tizimining ushbu o‘zgarishlarga javob bera olmayotganidir.

Prezidentimiz tomonidan keltirilgan aniq misollar vaziyatning jiddiyligini ko‘rsatib turibdi. Respublikadagi 208 ta tuman ichida Chilonzor tumani oilaviy zo‘ravonlik, talonchilik va bezorilik bo‘yicha birinchi o‘rinda turibdi. Yunusobod tumani esa bosqinchilik jinoyatlari soni bo‘yicha yetakchi. Yashnobod va Mirobodda qotillik holatlari, Olmazorda og‘ir tan jarohatlari, Shayxontohurda esa talonchilik jinoyatlari eng ko‘p qayd etilgan. Ushbu misollarni statistika uchun qabul qilmadik, aksincha, jamiyat uchun jiddiy ogohlantirish, deb bildik.
Yoig‘ilishda poytaxt huquq-tartibot idoralari rahbarlari faoliyati keskin tanqid qilindi. Resurs, kadr va ilmiy salohiyat yetarli bo‘la turib, haligacha eski ish uslubidan chiqib ketilmagani, mahalla profilaktikasi yetarlicha ishlamayotgani ochiq aytildi. Mas’uliyatsizlikka murosasiz munosabat bildirildi.
Yig‘ilishda xavfsizlik sohasidagi yana bir og‘riqli nuqta — korrupsiya va yashirin iqtisodiyot masalasi ham raqamlar bilan ochib berildi. Qisqa muddatda 53 trillion so‘m byudjet tushumlari, talon-toroj va moliyaviy kamchiliklar aniqlangani, tashqi savdoda esa 8 milliard dollardan ortiq qarzdorlik mavjudligi ma’lum qilindi. Korrupsiyaviy sxemalar orqali 4,2 trillion so‘m zarar yetkazilib, shundan 1,3 trillion so‘mi undirilgan, 55 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bu raqamlar davlat mablag‘lari va jamoat manfaati qanday xavf ostida ekanini yaqqol ko‘rsatadi. O‘z navbatida, bu holatlar kelgusida bunday kamchiliklar takrorlanmasligi uchun deputatlik nazoratini yanada kuchaytirish, ochiqlik va hisobdorlikni oshirish zarurligini ko‘rsatadi.
Yig‘ilishda Prezident kiberjinoyatchilikning jadal o‘sishiga alohida e’tibor qaratdi. Agar ilgari kiberjinoyatlar cheklangan turlar bilan ifodalangan bo‘lsa, bugungi kunda ular soni 18 tadan 62 tagacha kengaydi. Ayniqsa, shaxsiy ma’lumotlarni noqonuniy o‘zlashtirish, sun’iy intellekt orqali ovoz va yuz qiyofasini soxtalashtirish, shuningdek, kriptovalyutalar orqali moliyaviy mablag‘larni chiqarib ketish kabi holatlar zamonaviy xavf-xatarlarning asosiy ko‘rinishlariga aylanmoqda.
Ana shunday murakkab sharoitda davlat rahbari tomonidan “poytaxt namunasi” deb nomlangan mutlaqo yangi xavfsizlik tizimi taklif etildi. Chilonzor tumani misolida jamoat xavfsizligini boshqarishning yangi modeli joriy etiladi: patrul, yo‘l-patrul, qo‘riqlash va profilaktika xizmatlari uch smenada ishlaydi, xabar kelib tushganidan so‘ng 5 daqiqa ichida voqea joyiga yetib borish mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi, aholi gavjum joylarda dronlar orqali nazorat kuchaytiriladi.
E’tiborli jihati shundaki, bu islohotlar markazida inson — fuqaro, mahalla va profilaktika inspektori turadi. Profilaktika xodimlariga oylik ustamalar joriy etilishi, uy-joy va ijara to‘lovlari bo‘yicha qo‘shimcha imtiyozlar berilishi tizimda barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan aniq qadamlar bo‘ldi.
Shu ma’noda, xavfsizlikni ta’minlash faqat huquq-tartibot idoralari zimmasidagi vazifa emas, balki vakillik organlari faoliyati bilan ham uzviy bog‘liq jarayon. Chunki mahalladagi real vaziyat, odamlarning kayfiyati va muammolari eng avvalo deputatlar orqali ko‘riladi va eshitiladi.
Bu jarayonlarda mahalliy Kengashlar va deputatlar zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklanadi. Xususan, Xalq deputatlari Sergeli tuman Kengashi oldida quyidagi vazifalar dolzarb bo‘lib turibdi:
— mahalla kesimida jamoat xavfsizligi holatini muntazam tahlil qilish va muammolarni ochiq muhokamaga olib chiqish;
— profilaktika inspektorlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ular uchun yaratilgan shart-sharoitlar ijrosi ustidan deputatlik nazoratini kuchaytirish;
— yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik, giyohvandlik va radikal g‘oyalar tarqalishining oldini olishga qaratilgan dasturlarni amaliy mazmun bilan boyitish;
— jamoat xavfsizligi sohasida qabul qilinayotgan qarorlarning aholi hayotiga real ta’sirini o‘rganib borish.
Deputat faqat qaror qabul qiluvchi emas, balki mahalladagi muammoni birinchi bo‘lib ko‘radigan, fuqaroning tashvishini eshitadigan va uni ijro organlariga yetkazib, natija talab qiladigan shaxsdir. Prezidentimiz belgilab bergan yangi xavfsizlik arxitekturasi aynan ana shu mas’uliyatli yondashuvni talab etmoqda. Zero, tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashda har birimiz o‘z javobgarligimizni chuqur anglasak, Prezident belgilab bergan maqsadlarga shubhasiz yetamiz.
Sobir TURSUNOV,
Xalq deputatlari Sergeli tuman Kengashi raisi,
pedagogika fanlari doktori, professor.