“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali “Jondortumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi va tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi hamkorligida aholi xonadonlarining mavsumga tayyorgarligi o‘rganildi. Ularning xavfsizligini ta’minlash maqsadida tushuntirish-targ‘ibot tadbirlari olib borildi.

Tumanning “Demun” mahallasida istiqomat qiluvchi aholi xonadonlarida bo‘lgan xodimlar isitish moslamalaridan foydalanganda xavfsizlikka rioya etish, dudbo‘ronlarning tozaligiga e’tibor qaratdi. Gaz jihozlarini qarovsiz qoldirmaslik zarurligi ta’kidlandi. Xavfsizlik qoidalariga rioya qilmagan holda nostandart isitish pechi va rezina shlanglardan foydalanib kelayotgan iste’molchilar Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi 22-sonli qaroriga asosan tabiiy gaz tarmog‘idan ajratib qo‘yildi.

– “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali tasarrufidagi shahar va tuman gaz ta’minoti bo‘limlari tomonidan tabiiy, suyultirilgan gaz iste’molchilarini is gazidan zaharlanish hamda gaz-havo aralashmasi chaqnashi oqibatida sodir bo‘ladigan holatlarning oldi olinmoqda, –deydi Hududgaz Buxoro gaz ta’minoti filiali bo‘lim boshlig‘i Sa’dulla Xalilov. – O‘rganishlar davomida 319 ming 752 ta hovli joylar va 13 ming 892 ta ko‘p qavatli aholi xonadonlari, 58 ta umumta’lim maktablari, 115 ta maktabgacha ta’lim maskanlari, 43 ta davolash muassasalari, 10 ta savdo markazlarida targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borildi. Aniqlangan 431 ta kamchilik o‘z vaqtida bartaraf etildi. Tadbir boshidan buyon aholi xavfsizligini yanada kuchaytirish maqsadida 182 ming dona eslatmalar xonadonlar, idora va tashkilotlarga tarqatildi.
Zarif Komilov, O‘zA