Yurtimizda aholi xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan talab va nazorat kuchayib borayotgan bir paytda ayrim tadbirkorlik ob’ektlarida hali-hanuz beparvolik holatlari kuzatilayotgani tashvish uyg‘otadi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda boshqa daxldor idoralar vakillaridan iborat ishchi guruhlar tomonidan respublika bo‘ylab olib borilayotgan navbatdagi o‘rganishlar davomida Jizzax shahrida joylashgan savdo komplekslaridan birida yong‘in xavfsizligi qoidalariga jiddiy rioya etilmagani aniqlandi.

Tekshiruv yakunlariga ko‘ra, aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha ob’ekt rahbariyatiga 18 banddan iborat yozma ko‘rsatma taqdim etildi. Ayrim qoidabuzarliklar esa faqat ogohlantirish bilan cheklanmadi — xavfsizlikka real tahdid solayotgan ikki asosiy omborxonadagi faoliyat kamchiliklar to‘liq bartaraf etilguniga qadar muhrlash orqali vaqtincha to‘xtatildi.
Mas’ul idoralar ta’kidlaganidek, bunday choralar jazo emas, balki inson hayoti va sog‘lig‘ini asrashga qaratilgan qat’iy ogohlantirishdir. Zero, xavfsizlik talablari qog‘ozda emas, amalda ta’minlansagina o‘z samarasini beradi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri