Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va uning Sayxunobod tuman bo‘limi, mahalla faollari hamda tegishli tashkilotlar hamkorligida is gazidan zaharlanish, yong‘in va boshqa favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida “Qizil” toifaga kiritilgan 9 ta mahallada “Xavfsiz xonadon” profilaktik tadbiri tashkil etildi.
Tadbir doirasida “Qizil toifa”ga kiritilgan mahallalar – “Turon”, “Gulbuloq”, “Do‘stlik”, “Baxmalsoy”, “Nurli yo‘l”, “O‘rikzor”, “Ittifoq”, “Paxtaobod” va “Sintop” dagi aholi xonadonlari va infratuzilma holati o‘rganildi. Masalan, “Turon” MFYda 1 627 ta xonadonda 5 718 nafar aholi yashasa, 7 ta ko‘p qavatli uylardagi 92 ta xonadonda 755 nafar aholi yashaydi. “Gulbuloq” MFYda 1 278 ta xonadon va 6 376 nafar aholi ro‘yxatga olingan. Shuningdek, boshqa mahallalarda ham aholi va xonadonlar soni aniqlandi va umumiy statistika shakllantirildi.

Tadbir doirasida tashkil etilgan ishchi guruhlar, jumladan viloyat, shahar va tuman harbiy xizmatchilari, mahalla raislari va nuroniylardan iborat 92 nafar mutasaddi, 9 ta “Qizil” toifadagi mahallalarda 1 217 ta yakka tartibdagi uy va 64 ta ko‘p qavatli uydagi xonadonlarni tekshirdi.
– O‘rganishlar davomida umumiy 817 ta kamchilik aniqlandi, – deydi Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Axborot xizmati boshlig‘i, kapitan Davron Sulaymonov. – Shu jumladan, 27 ta xonadonda elektr ta’minotida nosoz saqlagichlar, 60 ta xonadonda nosoz elektr simlar, 85 ta xonadonda nosoz elektr rozetkalar va vklyuchatellar, 7 ta xonadonda tarmoqda ortiqcha yuklamalar, 97 ta xonadonda hovli yoki chordoqda tez yonuvchi mahsulotlar, 33 ta xonadonda qurigan o‘t va chiqindilar, 55 ta xonadonda nosoz dudburon, 181 ta xonadonda nostandart isitish pechlari, 34 ta xonadonda nosoz gaz jihozlari, 2 ta xonadonda qo‘lbola gaz gorelkalari, 125 ta xonadonda rezina shlanglar, 55 ta xonadonda pech va dudburonlar atrofida saqlanayotgan yonuvchi buyumlar, 23 ta xonadonda xonadon ichida qo‘llanilayotgan gaz ballonlari mavjudligi aniqlandi.

Ushbu kamchiliklardan 199 tasi, jumladan pech va dudburonlar atrofidagi yonuvchi buyumlar, nosoz dudburonlar, rezina shlanglar va hududda qurigan o‘t va chiqindilar, joyida bartaraf etildi. Qolgan aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tuman hokimligi, gaz va elektr ta’minoti korxonalari hamda mahalla raislariga rasmiy taqdimnomalar kiritildi.
G‘ulom Primov, O‘zA