Qish faslida is gazidan zaharlanish, yong‘in va boshqa favqulodda vaziyatlar xavfi ortishi munosabati bilan Xovos tumanida “Xavfsiz xonadon” profilaktik tadbiri tashkil etildi.
Ushbu tadbir Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, uning Xovos tuman bo‘limi xodimlari hamda tegishli tuzilmalar va mahalla faollari hamkorligida o‘tkazildi.

Ikki kun davomida amalga oshirilgan tekshiruvlar natijasida 17 ta qoida buzilish holati aniqlandi. Barcha kamchiliklar zudlik bilan bartaraf etildi va xonadonlar qish faslida aholi uchun to‘liq xavfsiz holatga keltirildi.

Tadbir doirasida fuqarolar bilan uchrashuvlar ham tashkil etildi. Unda is gazi va elektr qurilmalaridan foydalanishdagi xavfsizlik qoidalari, qish faslida yong‘in va sovuqdan himoya choralari haqida tushuntirish berildi. Aholiga bunday holatlarning ehtimoliy ayanchli oqibatlari ham ta’sirchan tarzda yetkazildi.

– “Xavfsiz xonadon” oyligi nafaqat Xovos tumanida, balki viloyatning boshqa tuman va shaharlarida ham keng ko‘lamda o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan, – deydi Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘ining Profilaktika bo‘yicha o‘rinbosari Asror G‘ozixo‘jayev. – Asosiysi, bunday tadbirlar aholi xavfsizligini ta’minlash, uydagi favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlikni oshirish, ayniqsa yoshlar orasida favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik madaniyatini yuksaltirishda muhim ahamiyatga ega. Chunki qish faslida is gazidan zaharlanish va yong‘in holatlari ehtimoli oshadi. Shu bois, profilaktik tekshiruvlar orqali xonadonlardagi xavfsizlik kamchiliklari aniqlanib, ular bartaraf etilmoqda.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, “Xavfsiz xonadon” tadbirlari nafaqat qish faslida, balki yil davomida izchil davom ettiriladi. Aholi tinchligi, salomatligi va xavfsizligi har doim ustuvor ahamiyatga ega va kechiktirib bo‘lmaydigan masala hisoblanadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri