Shu kunlarda Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan respublikamiz bo‘ylab "Xavfsiz xonadon oyligi" doirasida profilaktik tadbirlar jadallik bilan olib borilmoqda.
Qish mavsumini betalafot o‘tkazish, mavsumda is gazidan zaharlanish, gaz-havo aralashmasi chaqnashi, yong‘inlar va boshqa noxush hodisalarning oldini olish maqsadida tashkil etilgan oylik doirasida xonadonlar, qurilish va ijtimoiy soha ob’ektlari, bozorlar va boshqa ob’ektlarda tushuntirish ishlari tashkil etilmoqda.
Unda yo‘nalish bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilib, aniqlangan kamchiliklar joyida bartaraf etilishiga erishilmoqda. Shuningdek, aholiga xavfsizlik qoidalari o‘zida aks etgan maxsus eslatmalar tarqatilmoqda.
Ma’lumki, ob-havo haroratining pasayib borishi natijasida gaz va boshqa turdagi muqobil yoqilg‘i isitish moslamalaridan foydalanishga bo‘lgan ehtiyoj ortib boradi.
Bunday paytlarda isitish moslamalaridan noto‘g‘ri foydalanish oqibatida ko‘ngilsiz hodisalar sodir bo‘lishi hamda insonlar is gazidan zaharlanishi mumkin.
Bunday ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olish maqsadida oylik doirasida FVV mutaxassislari tomonidan aholiga gaz uskunalari va isitish moslamalaridan foydalanishda yong‘in va xavfsizlik talablariga rioya qilishlari tushuntirilmoqda.
Jumladan, qo‘lbola va nosoz gaz isitish moslamalaridan foydalanmaslik, tungi vaqt aholi turar joylarida o‘rnatilgan isitish tizimini nazoratsiz qoldirmaslik, oshxonada o‘rnatilgan tabiiy gazda ishlovchi gaz plitalardan xonalarni isitish maqsadida foydalanmaslik qoidalari tushuntirildi.
Isitish pechlari va ularning mo‘rilari sozligi, turli buyum va to‘siqlar bilan berkitilmasligi hamda maxsus tashkilotlar tomonidan o‘z vaqtida tozalanishiga alohida e’tibor berish zarurligi, isitish moslamalari yaqinida yonuvchan buyumlarni saqlamaslik, isitish moslamalaridan foydalanishda ularni ishlab chiqargan korxonaning tavsiya va yo‘riqnomasi talablariga rioya qilish hamda gaz uskunalarini ulash tartib-qoidalariga rioya qilib, ularga rezina shlangalar orqali ulanishga yo‘l qo‘ymaslik lozimligi uqtirilmoqda.
O‘zi va yaqinlarining hayotiga befarq bo‘lmagan inson borki, bunday xavfsizlik qoidalariga doimiy amal qilib keladi. Ushbu qoidalarga rioya etish bilan ko‘ngilsiz hodisalardan saqlangan bo‘lamiz.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA