French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xavfsiz xonadon — barqaror hayot asosi
16:34 / 2026-01-19

Jizzax viloyatida aholi xavfsizligini ta’minlash, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va xonadonlardagi xavf-xatarlarni kamaytirishga qaratilgan tizimli ishlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.

Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tashabbusi bilan shahar va tuman bo‘limlari tomonidan “Yanvar — Xavfsiz xonadon oyligi” doirasida keng qamrovli profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur oylik doirasida Zafarobod tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi xizmatchilari tomonidan tasdiqlangan jadval asosida aholi xonadonlariga tashriflar izchil ravishda tashkil etilmoqda. Bu tashabbus faqat nazorat bilan cheklanmasdan, aholi bilan bevosita muloqot qilish, xavfsizlik madaniyatini shakllantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Profilaktik tadbirlar jarayonida fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Xonadon egalariga gaz va elektr jihozlaridan to‘g‘ri hamda xavfsiz foydalanish, yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etish, shuningdek, favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berilmoqda. Bu esa xavf-xatarlarni barvaqt aniqlash va ularning salbiy oqibatlarini kamaytirishga xizmat qilmoqda.

Shu bilan birga, FVB xodimlari tomonidan xonadonlarda mavjud pechlar, gaz plitalari, elektr simlari hamda boshqa texnik vositalarning texnik holati atroflicha ko‘zdan kechirilmoqda. Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan amaliy tavsiyalar berilib, yong‘in o‘chirish vositalaridan foydalanish tartibi, is gazidan zaharlanishning oldini olish choralari hamda bolalar xavfsizligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

E’tiborli jihati shundaki, ushbu profilaktik tadbirlar aholining hushyorligi va mas’uliyatini oshirish, favqulodda vaziyatlarning oldini barvaqt olish hamda tinch va xavfsiz hayot tarzini ta’minlashda muhim omilga aylanmoqda. Zafarobod tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi tomonidan bunday amaliy ishlar kelgusida ham muntazam ravishda davom ettirilishi rejalashtirilgan.

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri