“Taraqqiyot strategiyasi” markazida takomillashayotgan
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasining “Xavfsiz va tinchliksevar davlat tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish” yo‘nalishi bo‘yicha matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Ekspertlar, OAV vakillari va jurnalistlar qatnashgan tadbirda Tashqi ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi va Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi vakillari, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi mas’ul xodimlari qatnashdi.
Anjumanda e’tirof etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yil 26 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida erishilgan ulkan natijalar, yangi ustuvor vazifalar “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini qayta ko‘rib chiqishni taqozo etayotgani, mamlakatimizning kelgusi besh yillik taraqqiyotiga daxldor bo‘lgan ushbu hujjat keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilib, aholimizning fikr-mulohazalari asosida takomillashtirilishi zarurligini ta’kidlagan edi.
Matbuot anjumanida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining takomillashtirilishi, unda belgilangan vazifalarning yangilanishi mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi, faol va pragmatik tashqi siyosat va mudofaa salohiyatini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Takomillashayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining loyihasi muhokamasida keng jamoatchilikning faol ishtiroki belgilanayotgan vazifalarning yanada mukammal va xalqchil bo‘lishini ta’minlashiga e’tibor qaratdi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasining aynan beshinchi ustuvor yo‘nalishi, ya’ni “Xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish” yo‘nalishida ham maqsadli ko‘rsatkichlar joriy etilmoqda. Unga ko‘ra, 2030 yilgacha O‘zbekistonning tashqi siyosati, mintaqaviy va global xavfsizlik, barqarorlik masalalari bo‘yicha qanday chora-tadbirlar ko‘rilishi va nimalarga erishishimiz lozim ekanligi aniq maqsadli indikatorlar misolida belgilanmoqda.
Tashqi ishlar vaziri maslahatchisi, matbuot kotibi Ahror Burhonov yangilanayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatini xalq va davlatning manfaatlaridan kelib chiqqan holda izchil amalga oshirish, ochiq, pragmatik va konstruktiv tashqi siyosatni amalga oshirishga qaratilgan vazifalar haqida so‘z yuritdi. Ta’kidlandiki, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining beshinchi yo‘nalishi 90 - maqsadi – “Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatini xalq va davlatning manfaatlaridan kelib chiqqan holda izchil amalga oshirish”ni nazarda tutadi.
Takomillashayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining har bir maqsadi bo‘yicha alohida indikatorlar, maqsadli ko‘rsatkichlar, raqam, foiz va boshqa ko‘rsatgichlarda belgilanmoqda. Xususan, takomillashayotgan Strategiyaning 90-maqsadi doirasida konsullik xizmatlaridan foydalanuvchilar sonini keskin oshirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 91-maqsad doirasida esa Markaziy Osiyo davlatlari bilan o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 15 milliard dollarga yetkazish belgilanmoqda.
Tadbirda so‘z olgan Mudofaa vazirligining Bosh boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Hasan Xalilovning fikriga ko‘ra, takomillashayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasida mudofaa va xavfsizlikni ta’minlashga oid maqsadlarda, jumladan, 97-maqsad doirasida “Jahonda sodir bo‘layotgan murakkab global jarayonlarni inobatga olgan holda Qurolli Kuchlarning qudrati, mamlakatning mudofaa qobiliyati va harbiy salohiyatini yanada oshirish” bo‘yicha qator samaradorlik ko‘rsatgichlari aniq belgilanmoqda. Xususan, 2030 yilga borib Mudofaa vazirligi va Milliy gvardiya qo‘shinlarining raqamlashtirish darajasi 85 foizga yetkazilishi, shuningdek, Mudofaa vazirligi va Milliy gvardiya tizimlarida kadr sohasi 100 foiz raqamlashtirilishi, vazirlik va idora kesimida kadrlar hisobini yuritish bo‘yicha platforma yaratish va “Elektron hukumat” tizimi bilan integratsiya qilish nazarda tutilmoqda.
Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Bekzod Shukurovning ta’kidlashicha, jamiyatda millatlararo totuvlik muhitini mustahkamlash va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini rivojlantirish hamda xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ular bilan doimiy muloqot tizimini joriy etish yo‘nalishida ham aniq maqsadli ko‘rsatkichlar va samaradorlik indikatorlari bilan takomillashtirilmoqda. Jumladan, kelgusi besh yillikda vatandoshlar ishtirokida tibbiyot, ta’lim va ilm-fan sohalarida amalga oshiriladigan loyihalar sonini amaldagi 100 ta emas, balki 150 taga yetkazish, vatandoshlar jamoat birlashmalariga yetkazib beriladigan badiiy adabiyotlar sonini esa 150 000 taga yetkazish ko‘zda tutilmoqda. Bundan tashqari, ta’lim xorijiy tillarda olib boriladigan davlat ta’lim muassasalari kutubxonalarida o‘zbek adabiyoti tarjima asarlari qamrovini 60 mingtaga yetkazish, xorijdagi vatandoshlarning farzandlariga o‘zbek tilini o‘rgatishga ixtisoslashgan o‘quv markazlari sonini 62 taga hamda birodarlashgan shaharlar sonini 120 taga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Matbuot anjumani yakunida mas’ullar jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytardi.
N.Usmonova, O‘zA