Xavfsiz va sog‘lom yurt
Jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibi va aholi osoyishtaligini ta’minlash, kriminogen vaziyat barqarorligiga erishish maqsadida o‘tkazilayotgan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” tezkor-profilaktik tadbirlarining so‘ng uch kuni davomida Samarqand viloyatida ichki ishlar idoralari tomonidan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq 21 ta holat aniqlandi. 24 nafar shaxsning qonunga zid faoliyatiga chek qo‘yildi.
Viloyat IIBning ma’lumotlariga ko‘ra, tadbirlar davomida 10 kiloga yaqin giyohvandlik vositalari, 1519 tup giyohvandlik o‘simliklari, 80 dona kuchli ta’sir qiluvchi psixotrop dori vositalari aniqlandi.

Shuningdek, tezkor-profilaktik tadbirlar chog‘ida tovlamachilik, terrorizm, qazilma boyliklari va energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish, qo‘shmachilik, firibgarlik, noqonuniy ravishda qurol saqlash va boshqa turdagi jinoiy holatlar ham aniqlanmoqda.
G‘.HASANOV, O‘zA muxbiri