“Xavfsiz va sog‘lom yurt” tadbiri ikkinchi bosqichida 2,5 mingdan ziyod giyohvandlik, 1,5 mingdan ortiq uyushgan jinoyatchilik, 1,7 mingga yaqin korrupsiya va 4,6 mingdan ko‘proq boshqa noqonuniy holatlar aniqlandi;
Noqonuniy muomaladan 557,5 kg giyohvandlik vositasi, 376,5 ming dona kuchli ta’sir qiluvchi dorilar olindi. 10,5 ming tup giyohvandlik o‘simliklari yetishtirilayotgani aniqlandi.
34,5 kg giyohvandlik vositasi rasmiylashtirib olindi va internetdagi narkodo‘konlar reklamasi aks etgan 1,7 mingdan ziyod “narkograffiti” aniqlanib, o‘chirildi;
Jinoiy guruh va shaxslardan 858 pnevmatik qurol, 2,7 mingdan ortiq ov quroli va o‘q-dori olindi. Ming nafardan ziyod qidiruvdagi shaxs ushlanib, 584 nafar bedarak yo‘qolgan shaxslar oilasi bag‘riga qaytarildi;
Jamoat joyida sovuq qurol olib yurgan fuqarolardan 14 ming 936 o‘tkir tig‘li buyumlar olinib, qonuniy chora ko‘rildi. Ov quroli saqlash qoidalarini buzgan hamda brakonerlik harakatlarini sodir etgan 3,6 mingdan ko‘proq shaxs ma’muriy va 254 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortildi.

Bu amaliy natijalar davlatimiz rahbarining mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirishga oid qarori ijrosining ichki ishlar organlari tomonidan bajarilishi natijasida qayd etilgan.
Ichki ishlar vazirligida tashkil etilgan matbuot anjumanida qaror ijrosini ta’minlash bo‘yicha olib borilgan ishlar haqida ma’lumot berildi va shu yo‘nalishda jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.
Ichki ishlar vazirining o‘rinbosarlari Bekmurod Abdullayev (Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i), Ramazon Ashropov (Tergov departamenti boshlig‘i) qaror ijrosi doirasida yanvar oyida “Xavfsiz va sog‘lom poytaxt”, aprel-may oylarida “Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari o‘tkazilganini ta’kidladi.
Ushbu jarayonlarda to‘plangan ijobiy tajribadan kelib chiqib, 15 iyuldan 15 avgustga qadar “Xavfsiz va sog‘lom yurt” tadbirining ikkinchi bosqichi amalga oshirildi. Bu jarayonda profilaktik tadbirlarga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirlar doirasida 263 ming 765 ma’muriy huquqbuzarlik aniqlandi. 211 ming 796 nafar og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etgani uchun sudlangan shaxslar bilan qayta jinoyatlar sodir etmasligi haqida profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, 1 ming 444 nafari ma’muriy nazoratga, 125 ming 859 nafari profilaktik hisobga olindi.
Probatsiya nazoratidagi shaxslar bilan ish olib borish chuqurlashtirildi. “Sayyor sud”larda tuzalish yo‘liga o‘tgan 7 ming 827 nafar shaxs jazo o‘tashdan muddatidan ilgari ozod qilindi.
Ota-onasi yoki vasiylar tomonidan tarbiya, ta’lim va ta’minot vazifalari bajarilmagani oqibatida nazoratsiz va qarovsiz qolgan 4 ming 799 nafar bola voyaga yetmaganlar markaziga joylashtirildi.
YPX inspektorlari tomonidan 707 ming nafar qoidabuzar aniqlanib, huquqbuzarlarga tegishli 85 mingga yaqin transport vositalari jarima maydoniga joylashtirildi.
Harakat xavfsizligini ta’minlash borasida yo‘l harakati ishtirokchilari uchun xavfsiz yo‘l sharoitlarini yaratish va yuzaga kelayotgan tirbandliklarning oldini olish choralari ko‘rildi. Xususan, 18,7 ming yo‘l belgisi, 270 svetofor o‘rnatildi, 772 ming metr/kv yo‘l chiziqlari chizildi, 580 qavariq piyodalar o‘tish joylari tashkil etildi va 7,1 ming svetofor ta’mirlandi. O‘zboshimchalik bilan yopib qo‘yilgan 18 mahallada o‘rnatilgan shlagbaum va taqiqlovchi yo‘l belgilari demontaj qilinib, transport vositalarining harakati tiklandi.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida yo‘l-transport hodisalari 41,3 foizga kamaydi.
Tadbir doirasida mahallalar, aholi yashash punktlari, jamoat joylari, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida xavfsizlikni ta’minlash maqsadida 153 ming 816 kamera o‘rnatildi. 6 ming 392 do‘kon, 5 ming 949 xonadon texnik, 2 ming 31 ob’ekt jismoniy qo‘riqlovga olindi.
Profilaktik tadbirlar natijasida ijobiy natijalar kuzatilib, sodir etilgan jami jinoyatlar o‘tgan oyning shu davriga nisbatan 29 foizga kamayishiga erishildi. Oldi olinishi lozim bo‘lgan jinoyat 39 foizga kamaygan bo‘lsa, ichki ishlar organlari xodimlarining tashabbusi bilan jinoyatlarni aniqlash 50 foizga yaxshilandi.
Tadbirda jamiyatda zo‘ravonlik holatlari ko‘payib borayotgani, ayolni, bolani urish, tahqirlash holatlarining oldini olishga qanday e’tibor qaratilayotganiga oid savolga vazir o‘rinbosari B.Abdullayev javob berar ekan, bu haqiqatan dolzarb muammo ekanini qayd etdi.
Bu yo‘nalishda profilaktika inspektorlarining mas’uliyatini oshirishga e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Qayd etishicha, aholi bilan muntazam suhbatlar, targ‘ibot ishlari tashkil etilmoqda. Bu borada o‘z vazifalarini lozim darajada bajara olmayotgan inspektorlar xizmat vazifasidan ozod etilmoqda. Kelgusida bu masalaga oid chora-tadbirlar yanada kuchaytiriladi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA