O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Ichki ishlar vazirliklari mutasaddilaridan iborat respublika ishchi guruhi Andijon viloyatidagi ta’lim muassasalarida o‘rganishlar o‘tkazmoqda.
Prezidentimizning 2022 yil 12 iyuldagi “2022-2026 yillar davomida amalga oshirilishi mo‘ljallangan “Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida” gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Andijonda ish olib borayotgan respublika ishchi guruhi viloyatdagi umumta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida qaror ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishmoqda.
– Viloyatdagi umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘quvchi va tarbiyalanuvchi bolalar bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari yuzaga kelishining oldini olish bo‘yicha belgilangan ishlar olib borilmoqda, – deydi Andijon viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Rasuljon Karimov. – Jumladan, o‘quvchi yoshlar hamda bolalarning yo‘l qoidalariga qat’iy amal qilishi, yo‘l qoidalari borasidagi bilimlarini boyitishga qaratilgan targ‘ibot-tushuntirish tadbirlari o‘tkazilmoqda.
[gallery-13001]
Bog‘chalarda, shuningdek, maktablarda o‘tgan o‘quv yilida “Diqqat, yo‘lovchi!”, “Diqqat bolalar!”, “Svetafor” singari targ‘ibot tadbirlari, tanlovlar o‘tkazilib, o‘quvchi yoshlar va bolalarning yo‘l qoidalari haqidagi bilim va tushunchalari boyitildi.
Respublika ishchi guruhi a’zolari Andijon viloyatining tuman va shaharlaridagi qator maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda umumta’lim maktablarida tashkil etilgan yo‘l harakati xavfsizligi xonalari va maydonchalari bilan tanishib, o‘quvchilar va bolalar ishtirokida turli yo‘l- transport hodisalari kelib chiqishining oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish va yanada yuqori bosqichga ko‘tarish yuzasidan mutasaddi va mas’ullarga zarur tavsiya va maslahatlar berildi.
Andijonda Respublika ishchi guruhining o‘rganishlari davom etmoqda.
F. UBAYDULLAEV, Z.UMRZOQOV (surat), O‘zA